Ispaniya va Portugaliyada blekautdan so‘ng elektr ta’minoti to‘liq tiklandi

Olam

image

Portugaliyada elektr tarmog‘ining ishi to‘liq tiklandi va normal holatga keltirildi. Bu haqda E-Redes operatoriga tayanib, “Diaraias de Noticias” xabar berdi.

Portugaliya hukumatining aniqlik kiritishicha, barcha 6,4 million abonent elektr tarmog‘iga ulangan. Blekautga “aloqador bo‘lmagan nosozliklar tufayli” 800 ta abonent bundan mustasno.

Shahar atrofidagi temiryo‘l operatori Fertagus'ning ma’lum qilishicha, Lissabon va janubiy qirg‘oq o‘rtasidagi poezd qatnovi ertalab soat 5:00 da normal holatga kelgan.

Lissabon metrosi yaqin kelajakda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha xizmatlarni bosqichma-bosqich tiklashga va’da berdi. Metro ba’zi tizimlarda hali ham cheklovlar mavjudligini qo‘shimcha qildi.

Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ham avariya bartaraf etilganini ma’lum qildi.

“Qiyin tundan so‘ng elektr energiyasiga bo‘lgan talab 99,95 foizga, elektr uzatish tarmoqlari podstansiyalari esa 100 foizga tiklandi”, deb yozdi u X'da.

Ma’lumot uchun, 28 aprel kuni ertalab Pireney yarim oroli bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi. Ular Ispaniya, Portugaliya va kamroq darajada Fransiya, Belgiya va Andorraga ta’sir ko‘rsatdi. Elektr tokining o‘chirilishi jamoat transporti, aeroportlar, banklar va do‘konlar hamda mobil aloqada uzilishlarga olib keldi.

Portugaliyadagi operator Redes nosozlikni “kamdan-kam uchraydigan atmosfera hodisasi” bilan izohladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniyada haroratning keskin o‘zgarishi yuqori voltli elektr uzatish liniyalarida quvvatning “g‘ayritabiiy tebranishlari”ga sabab bo‘lgan.

Sanchesning ta’kidlashicha, elektr tokining o‘chirilishi sabablari hozircha noma’lum. Ispaniyada elektr ta’minotidagi uzilishlar sababli favqulodda holat e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

elektr Portugaliya Ispaniya Pedro Sanches

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing