Yevropadagi blekautga nima sabab bo‘lgani aniqlandi
Olam
−
29 aprel 10244 2 daqiqa
Avvalroq, Yevropaning Ispaniya, Portugaliya va Fransiya kabi mamlakatlarining ayrim qismlarida elekt energiyasi uzilib qolgani xabar qilingandi. Yuzaga kelgan mazkur uzilishlarga “noyob atmosferaviy hodisa” sabab bo‘lgani aytildi. Bu haqda Portugaliyaning Redes Energéticas Nacionais (REN) elektr tarmoqlari operatori ma’lum qildi.
REN tomonidan e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, Ispaniyada haroratning keskin o‘zgarishi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarida “anomal kuch tebranishlari”ga sabab bo‘lgan. Buning ortidan Ispaniya bilan birga Portugaliya hamda Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham elektr ta’minotida uzilishlar yuz bergan. Kompaniyaning baholashicha, elektr tarmog‘ining to‘liq tiklanishi uchun taxminan bir hafta vaqt talab etiladi.
Ispaniyaning Red Eléctrica elektr tarmoqlari operatori ham keng ko‘lamli elektr uzilishlari kuch quvvatining keskin tebranishi bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qildi. Kompaniya vakilining “El País” nashriga aytishicha, tarmoqlarda juda kuchli quvvat oqimi tebranishi yuz bergan. Biroq muammoning aniq sababi hali noma’lumligicha qolmoqda.
Elektr energiyasi uzilishi faqat Ispaniya va Portugaliya bilan cheklanmay, Andorra hamda Fransiya va Belgiya hududlarining ayrim qismlarini ham qamrab oldi. Ispaniyada yuzaga kelgan blekaut sababli jamoat transporti va svetoforlar faoliyati izdan chiqdi, poyezdlar harakati deyarli to‘xtab qoldi. Lissabon aeroporti esa vaqtincha reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatdi.
Pireney yarimorolidagi elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammo kecha, 28 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 atrofida boshlangan. Taxminan besh soat o‘tgach, Red Eléctrica Ispaniyaning shimoliy, janubiy va g‘arbiy hududlarida elektr ta’minoti tiklana boshlagani haqida xabar berdi. “Portugal Resident” portali ham Portugaliya elektr tarmog‘i boshqarmasi mamlakatning bir qismida elektr ta’minotini tiklashga muvaffaq bo‘lganini yozdi.
“El País” nashrining yozishicha, Ispaniya hukumati keng ko‘lamli elektr taqchilligi fonida inqirozga qarshi qo‘mita tuzgan. Qo‘mita milliy elektr tarmoqlari operatori Red Eléctrica shtab-kvartirasida yig‘ilgan. “Reuters” xabariga ko‘ra, Ispaniya va Portugaliya hukumatlari vakillari yuzma-yuz uchrashib, elektr uzilishlarini muhokama qilgan.
“Financial Times” nashri ushbu nosozlikni Yevropaning yaqin tarixidagi eng yirik muammolardan biri sifatida baholadi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, keng ko‘lamli elektr uzilishidan so‘ng Ispaniya va Portugaliya energiya tizimlari 10 gigavattdan ortiq quvvat yo‘qotgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 fevral kuni soat 11:00 larda bitta maymun 22 mln kishi istiqomat qiladigan butun Shri-Lankani elektrsiz qoldirgan edi. Mamlakat Energetika vaziri tarmoqdagi transformatorga maymun tekkani, bu esa tizimda nomutanosiblikni keltirib chiqarganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi