Ispaniya qiroli O‘zbekistonga kelmoqchi

Jamiyat

image

Ispaniya qiroli Filipp VI pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yumshaganidan so‘ng O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelmoqchi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida qirol Filipp VI qabulida bo‘lib, u bilan yuzma-yuz muloqot qilgan.

Ispaniya qiroli Filipp VI tomonidan “Palacio Real de Madrid” saroyida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari sharafiga rasmiy qabul tashkil etilgan.

Rasmiy tadbirlardan so‘ng Ispaniya qiroli bilan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘rtasida yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tgan. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda o‘zbek xalqi nomidan Ispaniya qiroli va uning oila a’zolari, shuningdek, ispan xalqiga salomini yo‘llab, samimiy tilaklarini yetkazgan.

Qirol Filipp VI, o‘z navbatida, 2017 yilning iyun oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti doirasida Ostona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini iliq xotiraladi.

“Ispaniya qiroli bugungi kunda Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar uzoq tarixga ega ekani, olti asr ilgari Ispaniya qiroli elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga amalgi oshirgan tashrifi va Amir Temur bilan uchrashuviga borib taqalishini aytdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining davomi sifatida O‘zbekiston tomonidan Ispaniya kompaniyasining “Talgo” rusumli poyezdlari sotib olingani, ular asosiy turizm shaharlarini bog‘layotgani hamda yana yangi ikki poyezd olib kelish kabi rejalar qirolda katta qiziqish uyg‘otdi”, deydi Aziz Abduhakimov.

Shundan so‘ng, Ispaniya qiroli pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yumshaganidan so‘ng O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan borish istagi borligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

turizm O'zbekiston-Ispaniya

Baholaganlar

370

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing