Ispaniya Isroil bilan 700 mln yevrolik qurol-yarog‘ kelishuvini bekor qildi

Olam

image

Ispaniya Mudofaa vazirligi Isroilning Elbit Systems kompaniyasi bilan PULS artilleriya tizimini yetkazib berishga oid 700 million yevrolik shartnomani bekor qildi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni “Ynet” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror G‘azodagi urush fonida Madrid va Tel-Aviv o‘rtasidagi munosabatlarning uzilishini yanada kuchaytirgan hamda Isroilning Rafael Advanced Defense Systems kompaniyasidan 285 million yevrolik Spike LR 2 tankka qarshi raketa shartnomasining to‘xtatilishidan keyin qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, PULS tizimi – 300 km masofagacha ucha oladigan boshqarilmaydigan raketalar, yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar va raketalarni uchirishga mo‘ljallangan bo‘lib, Ispaniya armiyasini modernizatsiya qilishning muhim elementi sifatida qaralardi. Kelishuvni bekor qilish qarori Ispaniyaning Isroildan texnologik qaramlikni “nolga tushirish” istagini bildiradi.

Hozir Ispaniya Raytheon va Lockheed Martin kabi Amerika kompaniyalarning muqobil variantlarini, jumladan, Javelin raketa majmuasini ko‘rib chiqmoqda.

Qayd etish joiz, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Yevropada Isroilni eng keskin tanqid qiluvchilardan biri hisoblanadi. U bungacha G‘azodagi “vahshiyliklar va genotsid”ni qoralab, mamlakatni xalqaro sport musobaqalaridan chetlatishga chaqirgan. Bundan tashqari, u “genotsidga hamkorlik”ni tugatish uchun to‘qqizta chorani e’lon qilgan. Ularning orasida qurol yetkazib berishga to‘liq embargo, harbiy jinoyatlarga aloqador isroillik amaldorlarga mamlakatga kirish taqiqi, harbiy hamkorlikni to‘xtatish va falastinliklarga gumanitar yordamni kengaytirish bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin hududi bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olgani haqida xabar berilgan edi. BMT tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, Isroil hukumati G‘azo sektoridagi falastinliklarning reproduktiv qobiliyatini guruh sifatida qisman yo‘q qilgan, shu jumladan, tug‘ilishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llagan va falastinliklarni ataylab jismonan yo‘q qilishga intilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ispaniya Isroil Elbit Systems

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing