Islom sivilizatsiyasi markazi transformatsiya qilinadi
Jamiyat
−
17 iyul 2021
8503Kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston Prezdentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5186-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi o‘rinlarda - Markaz) Ilmiy-ma’rifiy maskanga aylantiriladi, u quyidagilar bilan shug‘ullanadi:
• “Uchinchi Renessans - Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qilish;
• mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganish, uni keng jamoatchilikka yetkazib berish;
• moddiy madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qilish.
Quyidagilar Markazning yangilangan asosiy vazifalari bo‘ldi:
• muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rnini innovatsion usullar orqali targ‘ib qilish;
• O‘zbekistonda yuz bergan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari va mazmun-mohiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
• buyuk ajdodlarning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qo‘shgan hissasini eng zamonaviy usullar va vositalar orqali yoritib borish;
• yoshlarni ilm-ma’rifatga da’vat etadigan, milliylik va diniylik o‘rtasidagi uyg‘unlik mohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan media mahsulotlar, ilmiy ishlanma va tavsiyalarni tayyorlash;
• ziyorat turizmining ilmiy asoslari bo‘yicha yetarli nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega gid-tarjimonlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli oshirib borishni ta’minlash;
• ilm-fanning jadal taraqqiyotini ko‘rsatib beruvchi sermazmun eksponatlar fondi, qo‘lyozma va zamonaviy nashrlardan iborat boy kutubxonalar tizimini shakllantirish hamda ularning jahon muzeylari va kutubxonalari tarmog‘iga ulanishini ta’minlash va boshqalar.
Markaz huzurida quyidagilar tashkil etiladi:
• yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi;
• Samarqand qog‘ozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy an’analarini tiklash bo‘yicha ustaxona- laboratoriya (keyingi o‘rinlarda - Laboratoriya).
Shuningdek, Markaz muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qo‘lyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash bo‘yicha ekspertlik komissiya tuzildi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
• Jahon ilm-fani taraqqiyoti va sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq etish hamda yangi yuksalish davridagi yutuqlarni targ‘ib qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;
• Laboratoriya tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yo‘nalishlari.
Markaz va Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tarixiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish bo‘yicha mas’ul davlat muassasalari etib belgilandi.
LiveBarchasi