Islom Maxachev revansh jangida Volkanovskini nokautga uchratdi

Sport

image

Kecha, 21 oktyabr kuni tunda Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida UFC’ning navbatdagi raqamlangan turniri bo‘lib o‘tdi. Kechaning markaziy jangida rossiyalik Islom Maxachev avstraliyalik Aleksandr Volkanovskidan o‘ziga tegishli chempionlik kamarini himoya qildi. 

Maxachev 5 raundga mo‘ljallangan jangning 1-raundidayoq Volkanovskini nokautga uchratdi va ketma-ket ikkinchi jangda avstraliyalik chempion ustidan g‘alabaga erishdi.

Ular o‘rtasidagi birinchi jang shu yilning 11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Maxachev ochkolar bo‘yicha ustun kelgani bois Volkanovski hakamlar qaroridan norozi bo‘lgandi. UFC esa barchasini inobatga olgan holda revansh jangni tashkil qiladi.

Islom Maxachev kecha qo‘lga kiritgan g‘alabasidan so‘ng uni bayram qilib nishonlay olmasligini aytib, hozirda Isroil mudofaa kuchlarining hujumidan aziyat chekayotgan falastinlik tinch aholiga hamdardlik bildirdi. 

“Dunyoda sodir bo‘layotgan dahshatli voqealar sababli bugungi g‘alabamni nishonlay olmayman. Buni to‘xtating! Falastinni qo‘llab-quvvatlaymiz, G‘azo sektori biz sen bilan”, dedi sportchi.

Ikkinchi darajali markaziy jangda Hamzat Chimayev va Kamaru Usmon o‘zaro to‘qnash keldi. Uch raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etib, unda hakamlar Chimayevning g‘alaba qozonganini qayd etdi. Shu tariqa, Chimayev g‘alabali seriyasini davom ettirdi. Hozirda uning hisobida 14 ta mag‘lubiyatsiz jang bor.

Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC 294 turnirining qolgan barcha natijalari:

• Muhammad Ankalayev (Rossiya) – Jonni Uoker (Braziliya) o‘rtasidagi hang o‘tkazilmagan deb topildi;

• Ikrom Aliskerov (Rossiya) Vorli Alves (Braziliya) ustidan 1-raunddagi texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi;

• Said Nurmuhammedov (Rossiya) Muin Gafurov (Tojikiston)ni 1-raundda bo‘g‘ish usuli bilan yutdi;

• Muxammad Mokayev (Buyuk Britaniya) Tim Elliot (AQSH)ni 3-raundda sabmishen orqali taslim qildi;

• Muxammad Yahyo (BAA) Trevor Pik (AQSH)ka hakamlarning yakdil qarori bilan yutqazdi;

• Javid Basharat (Buyuk Britaniya) Viktor Genri (AQSH) o‘rtasidagi jang o‘tkazilmagan deb topildi;

• Sedrik Dumas (AQSH) Abu Azaytar (Marokash)dan hakamlarning yakdil qarori bilan ustun keldi;

• Mayk Briden (AQSH) Anshul Jubri (Hindiston)ni 3-raundda nokautga uchratdi;

• Nataniel Vud (Buyuk Britaniya) hakamlarning qarori bilan Muhammad Naimov (Tojikiston)ga yutqazib qo‘ydi;

• Viktoriya Dudakova (Rossiya) Jin Yu Frey (AQSH) ustidan ochkolar hisobida g‘alabaga erishdi;

• Sharabutdin Muhammadov (Rossiya) hakamlarning yakdil qarori bilan Brunu Silva (Braziliya)ni mag‘lub etdi.


Maqola muallifi

Teglar

UFC Islom Maxachev Hamzat Chimaev Aleksandr Volkanovski Kamaru Usmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing