Islom Maxachev Gerrini mag‘lub etib, UFC rekordini o‘rnatdi
Sport
−
10:27 2169 1 daqiqa
Bugun, 16 avgust kuni rossiyalik aralash yakkakurash (MMA) jangchisi Islom Maxachev Filadelfiyada bo‘lib o‘tgan UFC 330 turnirida irlandiyalik Ien Machado Gerrini mag‘lub etdi.
Sportchilarning to‘qnashuvi shouning markaziy jangi bo‘ldi. Maxachev ilk bor yarim o‘rta vazn (77,1 kg gacha) toifasidagi kamarini himoya qildi. Machado Gerri esa ushbu jangga divizionning birinchi raqamli jangchisi maqomida yetib kelgan edi.
Jang to‘liq besh raund davom etdi. Ikkinchi raundda rossiyalik sportchi raqibini nokdaunga uchratdi. Yakunda Maxachev hakamlarning yakdil qarori bilan (49:46, 49:46, 48:47) g‘alaba qozondi.
34 yoshli rossiyalik o‘z titulini himoya qildi. Endilikda uning hisobida ketma-ket qozonilgan 17 ta g‘alaba bor. Bu UFC tarixidagi eng uzoq davom etgan g‘alabali seriyadir. Bundan oldingi rekord braziliyalik Anderson Silvaga tegishli edi (16 ta g‘alaba).
Islom Maxachevning professional MMAdagi umumiy hisobida 29 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat bor. Ilgari u yengil vazn (70,3 kg gacha) toifasida UFC chempioni bo‘lgan.
Machado Gerri esa faoliyatidagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. 28 yoshli irlandiyalik jangchining hisobida 17 ta g‘alaba qoldi.