Islom birdamligi o‘yinlari: O‘zbekiston medallar soni bo‘yicha Eronni quvib o‘tdi

Sport

image

Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlari davom etmoqda. Kecha, 15 avgust kungi bellashuvlar o‘zbekistonlik sportchilar uchun juda omadli keldi.

Ayollar o‘rtasida -52 kg vazn toifasida ishtirok etgan ikki nafar o‘zbekistonlik dzyudochi shohsupaga ko‘tarildi. Diyora Keldiyorova Islom birdamligi o‘yinlarida ham o‘z vaznida tengsiz ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa, Sita Qadamboyeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, -63 kg vazn toifasida bahs olib borgan Sevinch Isoqova O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ham o‘yinlarda muvaffaqiyatli ishtirok etganini qayd etish kerak. -73 kg vazn toifasining final bahsida Shahram Ahadov ozarbayjonlik Narimon Mirzayevni mag‘lubiyatga uchratib, Islom birdamligi o‘yinlarining chempioniga aylandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Paraolimpiya terma jamoasi ham Islom birdamligi o‘yinlarida omadli ishtirok etdi. O‘zbekistonlik paraolimpiyachilar 4 ta para sport turidan jami 7 nafar ishtirokchi bilan Turkiyaga yo‘l olgan edi. Yakunda o‘zbekistonlik paraolimpiyachilar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 8 ta medalga sazovor bo‘lgan holda, o‘yinlardagi ishtirokini yakunladi.

O‘yinlarning 15 avgust kuniga belgilangan bahslari qilichbozlik va suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoali uchun ham omadli keldi. Qilichbozlik bo‘yicha Zaynab Dayibekova, Paola Pliyego, Aysulu Usnatdinova va Sevinch Ismoilovadan iborat terma jamoa final bahsida Ozarbayjonga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi. Suzish bo‘yicha terma O‘zbekiston jamoasi a’zolari Aleksey Tarasenko, Olimjon Odilov, Yegor Petryakov va Xurshidjon Tursunov ham kumush medali bilan mukofotlandi.

Avvalroq, og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalarda -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Ruslan Nuriddinov Islom birdamligi o‘yinlarining rekordini o‘rnatib, mutloq chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Nuriddinovning ortidan, +109 kg vazn toifasida Akbar Jo‘rayev ham shohsupaga ko‘tarildi.


Ma’lumot uchun, Islom birdamligi o‘yinlari 18 avgustga qadar davom etadi. Hozircha, O‘zbekiston delegatsiyasi 40 ta oltin, 28 ta kumush va 44 ta bronza, umumiy hisobda 112 ta medal jamg‘ardi. Bu ko‘rsatkich borasida faqatgina mezbon Turkiya O‘zbekistondan oldinda bormoqda, xolos.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

861

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing