O‘zbekistonda korrupsiyaning payi qirqildimi? Xalqaro jamoatchilikka hisob berildi
Jamiyat
−
29 mart 2019
63732019 yil 19-22 mart kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasining 20-monitoring uchrashuvi hamda IHRT Tarmog‘i boshqaruv guruhining 24-majlisida ishtirok etdi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, Istanbul harakatlar rejasi 2003 yili Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Rossiya, Tojikiston va Ukraina tomonidan imzolangan, keyinchalik unga Qirg‘iziston (2003), Qozog‘iston (2004), O‘zbekiston (2010) va Mo‘g‘uliston (2014) davlatlari qo‘shilgan.
Monitoring uchrashuvida monitoringning 4-raundi yakunlari yuzasidan O‘zbekiston hisobotining yakuniy muhokamasi va uni qabul qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi, shuningdek a’zo davlatlarning tavsiyalarni bajarishdagi yutuqlariga oid hisobotlari muhokama qilindi.
Tadbirlarda Istanbul harakatlar rejasining ishtirokchi davlatlari, IHRT tarmog‘iga a’zo davlatlar, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, Jahon banki, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, BMTTD, GREKO, Transparency International va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Monitoring yuzasidan O‘zbekiston ma’ruzasining muhokamasi va qabul qilish jarayoni ikki bosqichli yalpi majlis ko‘rinishida hamda uchrashuv ishtirokchilari, jumladan xalqaro va nodavlat tashkilotlar vakillari uchun ochiq tarzda tashkil etildi.
Ma’ruza muhokamasi davomida xalqaro ekspertlar tomonidan hisobotning tegishli qismlari bo‘yicha taqdimot shaklidagi qisqacha yakuniy xulosalar taqdim etildi va unda O‘zbekiston erishgan natijalarga ijobiy baho berildi.
Muhokamalar yakunida monitoring hisoboti, shu jumladan reytinglar va 47 ta yangi tavsiyalar tasdiqlandi.
Xususan, monitoring natijasiga ko‘ra O‘zbekiston barcha tavsiyalar (jami - 21) bo‘yicha progress mavjudligi reytingiga erishdi, shundan 3 ta tavsiyalar bo‘yicha to‘liq bajarilishi, 8 tasining deyarli bajarilishi, 10 tasining qisman bajarilishi qayd etildi. Ta’kidlash joizki, tavsiyalarning birortasi bo‘yicha «bajarilmaganlik» salbiy reytingi qo‘yilmadi, bu esa O‘zbekistonning Istanbul harakatlar rejasidagi eng yaxshi natijasidir.
Hisobot tasdiqlangandan so‘ng, Kotibiyat tomonidan O‘zbekistonning monitoringi natijalari taqdimotini o‘tkazish maqsadida IHRT Kotibiyatining O‘zbekistonga rejalashtirayotgan tashrifi bo‘yicha ma’lumot berildi.
LiveBarchasi