Isyondan avval “Vagner”ga Ukraina urushida qatnashish taqiqlangan. Nima uchun?
Olam
−
29 iyun 2023
15902“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashdan bosh tortganidan so‘ng Ukrainadagi harbiy harakatlarda uning ishtiroki to‘xtatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Bu haqda Rossiya Davlat Dumasi mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov bugun, 29 iyun kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Prigojinning isyonidan bir necha kun oldin Rossiya Mudofaa vazirligi jangovar topshiriqlarni bajaruvchi barcha tuzilmalar bo‘lim bilan shartnoma imzolashi kerakligini aytgan. Kartopolovning bildirishicha, Prigojindan boshqa hamma mazkur qaror ijrosini ta’minlashga kirishgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda Prigojinga uning kompaniyasi endi “maxsus operatsiya”da ishtirok etmasligi hamda Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner”ni ortiq moddiy jihatdan ta’minlamasligi bildirilgan.
“Bu shunday bo‘ldi: birnchidan – pul, ikkinchidan – ahmoqlik va haddan tashqari yuqori ambitsiya, uchinchidan esa – vasvasa. Bularning barchasi xiyonatga urinishga va quroldoshlarni aldashga olib keldi”, deydi Kartopolov Prigojinning harbiy isyonga urinishi haqida gapirar ekan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 10 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligining birlashgan qo‘shinlar guruhi tarkibida ko‘ngilli tuzilmalardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ko‘ngilli tashkilotlarning xizmat faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi buyruqni imzolagan. Hujjatda ko‘ngilli otryadlar shu yilning 1 iyuliga qadar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashi kerakligi ko‘rsatilgan. Bu ularga zarur huquqiy maqomni berishi, qo‘llab-quvvatlashni tashkil etishi va ularning vazifalarini bajarishda umumiy yondashuvlarni yaratishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Vagner” endi Ukrainada jang qilmasligini aytgandi.