Is gazidan zaharlanmaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi. Joylarda esa gaz yo‘q

Jamiyat

image

Kuz-qish mavsumi boshlangan sayin ko‘nglimda xavotir o‘rmalaydi. Qishloqdagi yaqinlarim xayolimdan o‘tadi. Sababi sovuq kunlar kirishi bilan chiroqning qadami uziladi. Gazni-ku qishloqdan bosh olib ketganiga ancha bo‘lgan. Trubalar ham allaqachon egalarining jig‘ildonida.

Ijtimoiy tarmoqlarda is gazidan zaharlanish holatlari haqida tez-tez xabarlar tarqab turadi. Garchi har yil qayta va qayta takrorlanayotgan mavzu bo‘lsa-da, odamlar hali bu mavsumiy balodan qutula olgani yo‘q. Bugun is gazi va undan himoyalanish yo‘llarini yana bir bor esga olsak.   

Is gazidan qanday saqlanish mumkinligi haqida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov ma’lumot berdi. 

“Bu masala qo‘mitaga taaluqlilik darajasi yuqori bo‘lmasa-da, har yilgi o‘rganishlarga ko‘ra, bunga asosiy sabab — ko‘p xonadonli uylarda issiqlik yetkazib berish tizimining umuman yaroqsiz holga kelganidir.

Ya’ni ko‘p xonadonli uylarda isitish yetkazib berilmasligi natijasida xonadonlarda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan qo‘lbola isitish pechlaridan foydalanish: uyda gaz yoqish, ovqat pishirish jarayonida bosim pasayishi va hatto uzilish holatlari.

Aholi kechasi bu moslamalarni qarovsiz, ya’ni yoniq qoldirishi oqibatida is gazidan emas, gazning o‘zidan zaharlanadi.

Yana bir sabab — zaharlanmaganda ham, ertalab gaz o‘chib, qayta gaz kelishi tufayli uxlab yotgan kishi uyqusirab chiroqni yoqadi. Natijada uchqundan chatnash, portlash sodir bo‘ladi.

Is gaziga to‘xtaladigan bo‘lsak, bosim pasaysa-pasaymasa ham, olov yonib turaveradi. Xona shamollatilmaydi, havo kirmaydi, ya’ni sovuq kirmasin deb eshik-oynalar yopib o‘tiriladi. Shunda xonada gaz konsentratsiyasi ko‘payib, kislorod kamayib ketadi va o‘pkada asfeksiya degan hodisa ro‘y beradi.

Is gazi konsentratsiyasidan atigi ikki marta nafas olgandayoq, shuning o‘zi odam hayotdan ko‘z yumishiga yetarli bo‘ladi”.

Aslida is gazidan zaharlanishga faqat gaz quvurlari yoki texnik uskunalarning nosozligi sabab bo‘layotgani yo‘q. Haqiqiy ahvol biroz boshqacharoq. Ya’ni odamlar uyini isitish uchun ko‘mir yoqishga ham majbur bo‘ladi. Oqibatda esa ko‘miri “ugar”i o‘limga olib kelishi mumkin. Bu holat esa is gazidan o‘lim sifatida qayd etiladi. Yoki yana bir yashirib bo‘lmaydigan holat mavjud. Bu ham bo‘lsa joylarda yarim tunda “Hududgazta’minot” tomonidan gazning ogohlantirishsiz uzib qo‘yilishi bo‘lib, issiq xonada pinakka ketgan odamlar gaz o‘chirilganini payqamaydi. Yarim tunda yana gaz beriladi, ammo u olov bo‘lib yonmagach, xonada gaz to‘ladi. Oxir-oqibat is gazidan zaharlanish kuzatiladi. Va o‘lim holati asosan shunday vaziyatda qayd etiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

is gazi

Baholaganlar

54

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing