Iroq Transport vaziri Erdo‘g‘an bilan bitim imzolashdan bosh tortdi (video)

Olam

image

Kecha, 28 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Iroq Bosh vaziri Ali Zaydiyning Ankaradagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bitimlarni imzolash marosimida kutilmagan hodisa yuz berdi. Iroq Transport vaziri Veheb Salmon Muhammad delegatsiyaning boshqa a’zolari bilan birgalikda “Taraqqiyot yo‘li” loyihasi bo‘yicha hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Bu jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi.

Turkiya nashrlarining yozishicha, kecha, 28 iyul kuni Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ankaradagi Prezidentlik saroyida Iroq Bosh vaziri Ali Zaydiyni rasmiy marosim bilan kutib olgan. Ushbu tashrif joriy yil may oyida lavozimga kirishgan Zaydiyning Bosh vazir sifatida Turkiyaga uyushtirgan ilk rasmiy tashrifi bo‘lgan.

Muzokaralardan so‘ng Erdo‘g‘an va Zaydiy ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasida beshta bitim imzolangan. “Ta’lim va akademik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi” Politsiya akademiyasi rahbari Murat Balji hamda Iroq Bosh vaziri va Qurolli kuchlar bosh qo‘mondonining devonxona mudiri general Abdulamir Shammariy tomonidan imzolangan.

“Yoshlar va sport sohalaridagi anglashuv memorandumi”ga Yoshlar va sport vaziri Osman Ashkin Bak hamda Iroq Tashqi ishlar vaziri Fuad Huseyn imzo chekkan.

“Sanoat mulki sohasidagi hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi” Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fotih Kajir hamda Iroq Moliya vaziri Falih Sari tomonidan imzolangan.

“Fishabur-Ovakoy chegara o‘tkazish punkti orqali temir yo‘l va avtomobil transportida tashishga oid anglashuv memorandumi” hamda “Tabiiy resurslar evaziga Iroq Respublikasi hududida transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid hadli anglashuv memorandumi”ga Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li hamda Iroq Transport vaziri Veheb Salmon Muhammad imzo qo‘ygan.

Aynan transport sohasiga oid bitim imzolanishidan oldin kutilmagan holat yuz bergan. Iroq Transport vaziri Veheb Salmon Muhammad delegatsiyaning boshqa a’zolari bilan birgalikda “Taraqqiyot yo‘li” loyihasi bo‘yicha hujjatni imzolashdan bosh tortgan. Ba’zi versiyalarga ko‘ra, Hasaniyning bu harakati ortida tashqi ta’sir turgan bo‘lishi mumkin. Xususan, unga Eron Tashki ishlar vaziri Abbos Arokchi tomonidan WhatsApp orqali hujjatga qo‘l qo‘ymaslik haqida SMS-xabarnoma yuborilgani aytilmoqda.

Shuningdek, vazirning bu harakati ehtimoliy siyosiy kelishmovchiliklar haqida savollarni keltirib chiqargan. Biroq keyinroq Iroq delegatsiyasi a’zolari o‘rtasida qisqa muddatli tushunmovchilik yuzaga kelishiga texnik nosozlik sabab bo‘lgani xabar qilingan.

Ushbu jarayonda dastlabki uchta bitimdan so‘ng marosim yakunlangani e’lon qilingach, Erdo‘g‘an “Beshta bitim emasmidi?” deb so‘ragan. Shundan so‘ng, Iroq delegatsiyasi o‘rtasida muhokama boshlangan. Iroq Transport vaziri Veheb Salmon Muhammad “Taraqqiyot yo‘li” bilan bog‘liq memorandumga imzo chekmagani ayon bo‘lgan.

“OdaTV” xabariga ko‘ra, Zaydiy va vazir o‘rtasida quyidagi muloqot bo‘lib o‘tgan:

Zaydiy: “Taraqqiyot yo‘li”ni nimaga imzolamayapsan?

Vazir: WhatsApp’dan yozib yuboray.

Zaydiy: Kel, imzola.

Zaydiy keyinchalik tarjimonga o‘girilib “Prezidentga ayting, unga imzolashni buyurdim”, degan. Shundan so‘ng, vazir imzolash stoliga kelib, Uralo‘g‘li bilan birgalikda ikki transport hujjatini imzolagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Veheb Salmon Muhammad Eron bilan chuqur aloqalarga ega bo‘lgan “Badr” tashkilotining yuqori martabali vakillaridan biri hisoblanadi.

Tashrif doirasida Ankarada “Turkiya-Iroq tadbirkorlari davra suhbati” ham o‘tkazilgan. Anjumanda so‘zga chiqqan Savdo vaziri O‘mer Bolat “Taraqqiyot yo‘li” yangi logistika markazlari va shaharlar barpo etilishini ta’minlash orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyalar va pudratchilik faoliyatini jadallashtirishini aytgan. Turkiya-Iroq savdo hajmi taxminan 17 milliard dollarni tashkil etayotganini ta’kidlagan Bolat oraliq muddatli maqsad 30 milliard dollar ekanini qayd etgan. Shuningdek, Iroq Turkiyaning beshinchi yirik savdo hamkori ekanini aytgan vazir turk pudratchilari shu kungacha ushbu mamlakatda umumiy qiymati 40 milliard dollarga teng bo‘lgan 1157 ta loyihani yakunlaganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing