Iroq Rossiya va Ukrainani yarashtirib qo‘ymoqchi bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 17 aprel kuni Iroq Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishda vositachilik qilish bo‘yicha taklif bildirdi. Ukraina uning taklifini rad etdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi

Qayd etilishicha, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba o‘z mamlakatining pozitsiyasini yana bir bor eslatib o‘tib, Rossiya Ukraina hududidan qo‘shinlarini olib chiqib ketmaguncha hech qanday muzokara bo‘lmasligini aytgan.

Kreml Kiyevdan 2014 yilda anneksiya qilingan Qrimning suverenitetini tan olishini hamda o‘tgan yilning sentyabr oyida Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan Donetsk, Xerson, Lugansk va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaning tarkibiy qismi sifatida e’tirof etishni talab qilmoqda. Ukraina esa bunga rozi emas. Rasmiy Kiyev Rossiya qo‘shinlari bosib olingan barcha hududlardan chiqib ketmaguncha, u bilan muzokaralar o‘tkazmasligini ta’kidlayapti. 

Dmitriy Kuleba 11 yilda ilk bor Iroqqa borib, hamkasbi Fuad Husayn bilan uchrashdi. Iroq Tashqi ishlar vaziri o‘z davlatining urush va mojarolardagi, shuningdek, Saudiya va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajribasiga ishora qilgan. 

Bugun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Fuad Husayn Bag‘dod oralarida keskinlik mavjud bo‘lgan davlatlar bilan muloqot qilish tajribasiga egaligini va tinchlik uchun xizmat qilishga tayyorligini ma’lum qilgan. 

“Urushning davom etishi nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo uchun xavfli bo‘ladi”, deydi u. 

Iroq Yaqin Sharqning ko‘pgina boshqa davlatlari singari Ukrainadan import qilinadigan don hisobiga ehtiyojini qondirib kelgan. Urush esa narxlarning qimmatlashuviga sabab bo‘ldi. 

Kuleba Ukraina Iroqni “kelishuvga erishishda ko‘prik” sifatida ko‘rishini, biroq Rossiya tinchlik uchun eng katta to‘siq bo‘lib turganini ta’kidlagan. 

“Biz uchun Rossiya urushni to‘xtatib, chekinishi kerakligi haqidagi juda oddiy haqiqatga rozi bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha qiladi u. 

Bag‘dodning vositachilik taklifini rad qilar ekan, Kuleba Ukraina Iroq bilan aloqalarni mustahkamlashga umid qilayotganini va uning bugungi tashrifi “Ukraina-Iroq munosabatlarini qayta tiklash” harakatlarining bir qismi ekanini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jazoir ham Ukraina inqirozini hal qilishda vositachi bo‘lish istagini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Iroq Ukraina muzokaralar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing