Iroq 3 mingga yaqin ISHID mahbuslarini Suriyadan qaytardi
Olam
−
09:24 1594 1 daqiqa
Iroq hukumati Suriya qamoqxonalaridan taxminan 3000 nafar “Islomiy davlat” (ISHID) a’zosini ko‘chirdi. Bu haqda Iroq Tashqi ishlar vaziri Fuad Huseyn Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida “Reuters”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Fuad Husaynning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarni ko‘chirish ishlari boshlangan va bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Rejaga ko‘ra, jami 7000 ga yaqin jangchi Iroqqa o‘tkazilishi mumkin.
Qayd etilishicha, Suriya Demokratik kuchlari nazoratidagi hududlarda vaziyatning beqarorlashuvi qamoqxonalar xavfsizligi borasida xavotirlarni kuchaytirgan. Fuad Husaynning aytishicha, Iroq ayrim arab va musulmon davlatlari bilan ularning fuqarolarini vataniga qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan. Shuningdek, Bag‘dod minglab mahbuslarni uzoq muddat saqlash xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatdan moliyaviy yordam so‘ragan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada hanuz ISHID mafkurasini qo‘llab-quvvatlovchi shaxslar mavjud. Iroq hukumati esa xavfsizlikni ta’minlash va terrorchilik tahdidining oldini olish bo‘yicha choralarni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Suriyadan Iroqqa 150 nafar ISHID a’zosining ko‘chirilgani haqida xabar berilgan edi.
Jamshidbek Amirov