Irlandiyadagi ukrainalik qochqinlar markazi yoqib yuborildi

Olam

image

Irlandiya shimolidagi Bunkrana shahrida ukrainalik qochqinlar uchun xizmat qilayotgan markaz yoqib yuborildi. Bu haqda “Donegal Daily” politsiya va bino egasining izohiga asoslanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘in haqidagi xabar favqulodda xizmatlarga joriy yilning 11 may kuni kechqurun kelib tushgan. Politsiyaga ko‘ra,  yong‘in vaqtida bino ichida hech kim bo‘lmagan.

“Mening Bukrandagi ukrainalik qochqinlar uchun notijorat markazim hujumga uchradi va kecha yong‘in oqibatida jiddiy zarar ko‘rdi”, deb yozgan biznesmen Piter Keysi Twitter'dagi sahifasida. 

Shuningdek, u binolarni ta’mirlashga va’da bergan.

Bu ukrainalik qochqinlarga nisbatan tahdidlarning birinchisi emas. Ularga nisbatan turli xil tajovuzlar bo‘layotgani haqida xorij OAV tez-tez xabar berib turadi. 

Avvalroq ukrainalik qochqinlar Germaniya sharqidagi Saksoniya aholisining tajovuzkor xatti-harakatlaridan shikoyat qilgan edi. O‘z navbatida, Ukrainadan kelgan qochqinlar bilan ishlash bo‘yicha koordinator Soren Skaliks agressiyadan aziyat chekkan ko‘plab qochqinlar politsiyaga murojaat qilishdan hayiqishini, chunki bu vaziyatni yanada og‘irlashtirishidan qo‘rqishini aytgan.

Yanvar oyida The Guardian sharhlovchisi Tobi Tomas Buyuk Britaniyadagi ko‘plab ukrainalik qochqinlar homiylik dasturi tugaganidan so‘ng boshpanasiz qolishayotganini yozgan edi. Uning ta’kidlashicha, ukrainaliklar dahshatli sharoitlarda yashashga majbur bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Irlandiya ukrainalik qochqinlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing