Irlandiya Isroilga qarshi rezolyutsiyani rasman qabul qildi
Olam
−
09 noyabr
3991Joriy yilning 7 noyabr kuni Irlandiya parlamenti Isroilga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda “The Algemeiner” xabar berdi.
“Isroil G‘azo sektorida bizning ko‘z o‘ngimizda genotsid sodir etmoqda”, deyiladi rezolyutsiya matnida.
Rezolyutsiya qabul qilinganidan so‘ng, Irlandiya Tashqi ishlar vaziri Mixol Martin hukumat yil oxirigacha Xalqaro sudda Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi genotsid da’vosiga qo‘shilish niyatida ekanini aytgan.
“Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari har qanday ma’naviy ko‘rsatmalardan tashqarida. Biz butun aholining jamoaviy jazolanishiga va G‘azo butunlay vayron qilinganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, degan Martin.
Muhokamalardan so‘ng hali yuridik kuchga ega bo‘lmagan qaror ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan. Nashrga ko‘ra, ushbu hujjat hukumatni harakat qilishga majbur qilmasa ham, parlamentning vaziyatga nisbatan pozitsiyasini aks ettiradi. Rezolyutsiya Irlandiya hukumatini Isroil bilan har qanday harbiy materiallar savdosini to‘xtatishga, ikki maqsadli mahsulotlarni sotishni taqiqlashga, Isroilga qurol olib ketayotgan samolyotlar uchun Irlandiya aeroportlari va havo kengliklarini yopishga hamda mamlakatga savdo va diplomatik sanksiyalar joriy etishga chaqiradi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda halok bo‘lganlar soni 43 ming kishidan oshdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim rasmiy Kuala-Lumpur BMT Bosh Assambleyasi uchun rezolyutsiya loyihasini tayyorlaganini aytgandi. Unda boshqa davlatlar qatorida Falastin bilan bog‘liq masalalarda qonunlar, qoidalar va qarorlar buzilgan taqdirda Isroilni tashkilot a’zoligidan chiqarish taklif qilingan. Anvar Ibrohim qonunchilarga rezolyutsiya loyihasi muzokaralar jarayonida ekanligi va tez orada ma’qullash uchun BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi