Ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
Jamiyat
−
13 aprel 2023
18705Ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda bugun, 13 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi imzolangan farmonda keltirilgan.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadi nazarda tutilgan.
Ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
- banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ham ajratishga ruxsat etildi. Bunda, ushbu fuqarolarning to‘lov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olish orqali aniqlanadi;
- banklarga dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, kreditlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi berildi. Bunda dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega;
- subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bunda fuqaro 4 oyda sertifikatdan foydalana olmasa, u subsidiyaga qayta ariza topshirishi mumkin;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Xalqparvar komissiyalarining xulosasiga asosan xato ajratilgan subsidiya sertifikatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bekor qilish va to‘lovlarni to‘xtatish huquqi berildi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 aprel kuni Prezident raisligida o‘tgan ipoteka dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Tijorat banklari balansida ipotekadan qaytishi kerak bo‘lgan mablag‘larni aktiv sifatida ishlatib, ipoteka obligatsiyasini chiqarish orqali qo‘shimcha 10 trillion so‘m resurs jalb qilinishi mumkinligi aytilgan edi. Shuningdek, o‘sha kungi yig‘ilishda 1 maydan rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratilishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi