Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi 10 ming dollar olayotganda ushlandi (video)
3-sahifa
−
05 yanvar
10012Samarqandda “Amerika” va’dasi bilan odamlarni chuv tushirgan “uddaburonlar” qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bildirilishicha, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi mavqeidan foydalangan holda odamlarga AQSH elchixonasidagi tanishlari orqali viza rasmiylashtirib, Qo‘shma Shtatlarga yuborish haqida yolg‘on va’dalar bergan. Shu yo‘l bilan fuqarolarni chuv tushirib kelgan. Jumladan, vazirlik xodimi Samarqand shahrida yashovchi fuqarodan viza olib berish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilgan. Ammo ushbu pullarning 10 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, 1999 yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan, hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborish va’dasi bilan noqonuniy pul topishga uringan. U bunda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘qiydigan qarindoshi bilan til biriktirgan. Ular fuqarodan ushbu xizmat uchun 16 ming AQSH dollari talab qilgan. Institut talabasi ushbu pullarning 10 ming dollarini olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, hozirda Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan oqdaryolik shaxs muqaddam ham 4 nafar fuqaroni Amerikaga ishga yuborishni va’da qilib, 41 ming 600 AQSH dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida AQSHga ishga yuborishni va’dasi bilan 20 ming dollar talab qilgan shaxslar oldindan 15 ming dollar so‘rab, olgan vaqtida qo‘lga olingandi.