Interpol Qozog‘istondan noqonuniy olib chiqilgan aktivlarni qaytarishga yordam bermoqchi
Olam
−
04 dekabr
1296Interpolning Milliy markaziy byurosi va Qozog‘iston Bosh prokuraturasi huzuridagi Aktivlarni qaytarish qo‘mitasi o‘rtasida mamlakatdan noqonuniy ravishda olib chiqilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Ostonada Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpolning Milliy markaziy byurosi va Bosh prokuratura huzuridagi Aktivlarni qaytarish qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu qadam iqtisodiy jinoyatlar va noqonuniy moliyaviy oqimlarga qarshi kurashdagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Hujjatga ko‘ra, tomonlar aktivlarni qaytarishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birgalikda amalga oshiradi, shuningdek, noqonuniy moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatish va xalqaro tergovlarda yordam ko‘rsatish maqsadida ma’lumot va eng yaxshi tajribalar almashiladi.
Ushbu chora davlat va fuqarolarga tegishli aktivlarni qaytarish, shuningdek, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash vazifalarini tezkorlik bilan hal qilishga yordam beradi.
“Memorandum bizning shaffoflik va adolatni ta’minlash, shuningdek, noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqilgan aktivlarni qaytarishga qaratilgan global sa’y-harakatlarni mustahkamlashga bo‘lgan qat’iyatimizni tasdiqlaydi”, dedi Interpolning Milliy markaziy byurosi boshlig‘i Merey Makuljan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 525 milliard tenge (taxminan 1 mlrd dollar) noqonuniy aktivlar davlat daromadiga aylantirilgan edi. Bu mablag‘ga Ostona shahrida tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilish markazi va Olmaota shahrida 400 o‘rinli alohida ehtiyojli kishilar uchun o‘quv markazi qurish ham rejalashtirilgan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr