Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi takomillashtiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Quyida qaror matni to‘liq shaklda keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, uning raqobatbardoshligini ta’minlash, faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlarni yaratish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining o‘tkazilgan tahlili shuni ko‘rsatdiki, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi, shuningdek, patent bojlari va to‘lovlarining yuqori darajada ekanligi ushbu sohani rivojlantirishga salbiy ta’sir etmoqda.

Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:

1. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umume’tirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilsin va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) etib qayta nomlansin.

Belgilansinki:

Agentlik, shu jumladan, Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazi mavjud shtat birliklari va moddiy-texnik bazasi bilan to‘liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari – direktor boshchilik qiladi;

Agentlik direktorining o‘rinbosarlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

3. 2019 yil 1 martdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalar topshirilgandan so‘ng, Agentlik bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;

ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar e’lon qilingandan so‘ng Agentlikka ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma e’tirozlarini taqdim etishlari mumkin;

tovar belgisiga va xizmat ko‘rsatish belgisiga doir mutloq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi (keyingi o‘rinlarda – tovar belgisi) o‘sha kunning o‘zida tovar belgisi haqidagi ma’lumotlarni Agentlikning rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;

tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi O‘zbekiston Respublikasi hududida so‘nggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalarni faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlar loyihalarini kiritsin.

5. Intellektual mulkning samarali himoyasini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab patent vakillari har besh yilda kamida bir marta keyinchalik attestatsiyadan o‘tkazilgan holda intellektual mulk sohasida o‘z malakalarini oshirishlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda ilg‘or ta’lim standartlari va texnologiyalari hamda Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv va ilmiy salohiyatidan foydalangan holda intellektual mulk sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 maydagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5446-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga “xufiyona iqtisodiyot” shakllanishi holatlarini aniqlash, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo‘yish funksiyalari yuklangan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda:

2019 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hammaga ma’lum tovar belgilarining nohalol ro‘yxatdan o‘tkazilishini aniqlash nuqtai nazaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha tovar belgilarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini ko‘rsin;

intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rsin.

8. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar quyidagilarni ta’minlovchi intellektual mulk ob’ektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini ishlab chiqsin va joriy etsin:

huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;

intellektual mulk ob’ektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk ob’ektlarining bojxona reyestriga kiritish va chiqarish;

intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini, shu jumladan, Mulk huquqini himoya qilish xalqaro индексимезонларини inobatga olgan holda ta’minlashning zamonaviy baholash va tahlil qilish tizimini joriy etish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020 yil 1 yanvardan boshlab intellektual mulk sohasidagi integratsiya jarayonini inobatga olgan holda patent bojlari va to‘lovlarini, shuningdek, norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki

oy muddatda Agentlikning faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish, shu jumladan, uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritsin;

 

manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin, shuningdek, o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K.Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 8 fevral


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

qaror intellektual-mulk

Baholaganlar

4

Reyting

1.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing