Intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jarimalar joriy etildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 fevral kuni “Intellektual mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.

Qonun bilan 1994 yil 6 maydagi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonun “Sanoat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi” bo‘limi bilan to‘ldirildi.

Xususan, sanoat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik asoslari belgilandi:

Tegishli patentlangan sanoat mulki ob’ektini o‘z ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish – yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi bo‘yicha alohida belgilanadi.

2001 yil 30 avgustdagi "Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida"gi 267-II-son Qonunga tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibini belgilovchi modda kiritildi.

Jumladan, tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi bo‘yicha alohida belgilanadi.

Jarima summasi miqdorining 70 foizi bir oy ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini to‘lashdan ozod etiladi.

2006 yil 18 sentyabrdagi "Firma nomlari to‘g‘risida"gi O‘RQ-51-son Qonun modda bilan to‘ldirildi, unga muvofiq firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

1996 yil 27 dekabrdagi "Advokatura to‘g‘risida"gi 349-I-son Qonunga qator xizmatlarni avtomatlashtirish va texnik ko‘mak berish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hay’atlarini ro‘yxatdan o‘tkazish endi davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.


Maqola muallifi

Teglar

intellektual mulk jarima

Baholaganlar

18

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing