Instagram’da o‘smirlarning ruxsatsiz jonli efirga chiqishi taqiqlandi
Texnologiya
−
09 aprel
5336Endilikda 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar Instagram’da onlayn jonli efirni boshlashdan oldin ota-onasining ruxsatini olishlari talab etiladi. Bu haqda Instagram’ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya Instagram’dagi o‘smirlar akkauntlari uchun yangi xavfsizlik funksiyalarini joriy etmoqda. Xususan, endilikda 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar onlayn jonli efirni boshlashdan oldin ota-onasining ruxsatini olishi talab etiladi. Shuningdek, ilova endi o‘smir foydalanuvchilarga ota-onasining roziligisiz “yalang‘ochlikdan himoya” funksiyasini o‘chirib qo‘yishga ham ruxsat bermaydi. Ushbu funksiya shubhali tasvirlarni xiralashtirib ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Meta Facebook va Messenger'da “o‘smirlar uchun akkauntlar”ni joriy etayotganini e’lon qildi. Instagram’dagi kabi yosh bo‘yicha mos foydalanuvchilar avtomatik tarzda yangi turdagi akkauntlarga o‘tkaziladi. Bunday akkauntlar ota-ona nazoratining majburiy funksiyalari va akkaunt egasi kimlar bilan muloqot qilishi va o‘zaro aloqada bo‘lishi mumkinligiga doir cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning kuzida Meta Instagram uchun “o‘smirlar akkauntlari”ni joriy qilgan edi. Natijada platformadagi yosh bo‘yicha mos keladigan 54 milliondan ortiq foydalanuvchining akkauntlari yanada yopiq shaklga o‘tkazilgan. Instagram’da bu qoida 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarga taalluqli. Facebook va Messenger foydalanuvchilarining akkauntlari ham xuddi shunday tarzda ishlaydi. O‘smirlar ota-onasining roziligisiz notanish odamlar bilan muloqot qila olmaydi yoki ayrim maxfiylik sozlamalarini mustaqil ravishda o‘zgartira olmaydi. Shu bilan birga, ota-onalar farzandlarining ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan vaqti hamda do‘stlar ro‘yxatini nazorat qila oladi.
LiveBarchasi