Odamlar sayyorlararo sayohat qilish imkoniga ega bo‘lishi mumkin
Texnologiya
−
15 iyul 2023 7348 3 daqiqa
Buyuk Britaniyada sayyoralararo sayohat qilish imkonini beruvchi dunyodagi eng katta termoyadro raketa dvigateli qurilishi boshlandi. Bu haqda “Science Alert” xabar berdi.
Qayd etilishicha, termoyadroviy qo‘zg‘alish texnologiyasi tezlik va yoqilg‘idan foydalanish nuqtai nazaridan kosmik sayohatlar sohasida inqilob yasashi mumkinligi aytilmoqda. Bu usul yordamida insonlar Marsga ikki baravar tezroq bora olishi yoki Yupiter va uning yo‘ldoshlariga sayohat qilish uchun sakkiz yil emas, to‘rt yil vaqt sarflashi mumkin.
Buyuk Britaniyaning Bletchli shahrida buning uchun imkon beradigan termoyadroviy raketa dvigateli Pulsar Fusion qurilmoqda. Taxminan 8 metr uzunlikdagi dvigatel 2027 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Termoyadroviy dvigatelga ega raketaning parvozini amalga oshirish uchun juda katta issiqlik va bosim zarur bo‘ladi. Bunda raketa ichida Quyoshda sodir bo‘ladigan reaksiyalarni takrorlash talab etiladi. Jarayon juda murakkab va xavfli bo‘lgani uchun uning amalga oshishiga ko‘pchilik ishonmayapti.
Ma’lumot uchun, termoyadroviy harakat markazida o‘ta yuqori haroratga ega plazma joylashgan bo‘lib, olimlar reaksiyani barqaror va xavfsiz tarzda bajarish usulini aniqlash ustida bosh qotirmoqda.
“Asosiy qiyinchilik – elektromagnit maydon ichidagi o‘ta issiq plazmani qanday qilib ushlab turish va cheklashni o‘rganishdan iborat. Plazma ob-havo tizimiga o‘xshaydi – uni an’anaviy usullardan foydalangan holda bashorat qilish juda qiyin”, deydi Pulsar Fusion kompaniyasi moliyaviy direktori Jeyms Lambert.
Modellashtirish termoyadroviy reaksiyaning yovvoyi tabiati haqida aniqroq tasavvurni hosil qilishga yordam berishi mumkin. Pulsar Fusion plazmaning harakatini hamda uni qanday qilib aniqroq boshqarish mumkinligini bashorat qilish maqsadida AQSHdagi Princeton Satelitte Systems (Prinston Sun’iy Yo‘ldosh Tizimlari) kompaniyasi bilan hamkorlik qilib, superkompyuter algoritmlarini qo‘llagan.
Agar barchasi olimlar maqsad qilganidek bo‘lsa, raketa yonish kamerasi ichidagi harorat bir necha yuz million darajagacha yetishi mumkin. Bu esa Quyoshdagi haroratdan ham balandroq issiqlik yaratiladi degani. Chiqarilgan ortiqcha energiya raketani soatiga 800 ming kilometrdan yuqori tezlikka olib chiqishi mumkin.
Buyuk Britaniyada ishlab chiqilayotgan termoyadroviy dvigatelda zaryadlangan zarrachalar elektr energiyasiga aylanmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchlanish hosil qiladi. Bu boshqa turdagi dvigatellardan samaraliroq va unda atom izotoplaridan foydalanilgani uchun katta yoqilg‘i yukini talab qilmaydi.
“O‘zingizdan so‘rab ko‘rishingiz kerak – insoniyat sintez qila oladimi? Agar biz uddalay olmasak, bularning barchasi ahamiyatsiz. Agar bu qo‘limizdan kelsa, (qila olamiz ham) u holda termoyadroviy harakat mutlaqo muqarrar”, deydi Pulsar Fusion bosh direktori Richard Dinan.
Yadro sintezi sayyoralararo sayohat qilish imoniyatini berishi bilan bir qatorda Yerdagi hayot uchun deyarli cheksiz va toza energiyani ham taqdim etishi ta’kidlangan.
Shunga qaramay, olimlar bunday usulni dastlab kosmosda sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda. Chunki fazodagi atmosferasiz muhit va o‘ta sovuq harorat buning uchun qulaylik yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilga borib Quyoshda sodir bo‘ladigan bo‘ronlar Yerni qoplab olishi va oqibatda sayyorada internet butunlay uzilib qolishi mumkinligi aytilgandi.
Live
Barchasi