Insoniyat yo‘qolib ketishi mumkin – Ilon Mask

Olam

image

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask insoniyatga tug‘ilish darajasining pasayishi xavf solayotganini bildirdi. U Singapurda tug‘ilish koeffitsiyenti 2025 yilda rekord darajada – 0,87 gacha tushgani haqidagi xabarga munosabat bildirib, insoniyat yo‘qolib ketish xavfi ostida ekanidan ogohlantirdi.

Maskning bu fikri Singapurdagi demografik vaziyat haqidagi ijtimoiy tarmoqdagi xabarga javob sifatida bildirilgan. Unda mamlakatda tug‘ilish darajasi tarixdagi eng past ko‘rsatkichga tushgani qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, Singapur hukumati tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirish maqsadida oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirmoqda. Xususan, bolali oilalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish, farzand parvarishi ta’tilini uzaytirish, uy-joy olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda bolalarga qarash xizmatlarini subsidiyalash choralari ko‘rilmoqda.

Yangi choralar doirasida Singapur fuqarosi bo‘lgan har bir bola 17 yoshga to‘lguniga qadar qariyb 70 ming Singapur dollari (taxminan 55 000 AQSH dollari) miqdorida umumiy davlat ko‘magidan foydalanishi mumkin. Bu mablag‘lar pullik to‘lovlar, ta’lim grantlari va boshqa imtiyozlarni qamrab oladi.

Shuningdek, farzandli ishlovchi ota-onalar uchun bola parvarishi ta’tili muddati ham oshiriladi. Bolalar soniga qarab ularga yiliga 8, 10 yoki 12 kungacha qo‘shimcha ta’til berish rejalashtirilgan. Bolali oilalar uchun davlat uy-joylarini taqsimlashda ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Singapurda demografik vaziyatning yomonlashishi aholining qarib borishi bilan ham bog‘liq. Joriy yilda mamlakat aholisining qariyb beshdan bir qismi 65 yosh va undan katta bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi pasayib borayotgani sababli oilalarni farzandli bo‘lishga rag‘batlantirishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing