Insho yozib menga yuboring, ularni o‘qib javob beraman – Prezident o‘quvchilarga
Jamiyat
−
22 dekabr 2021
5605O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan 20-maktabning 6-sinf o‘quvchilari bilan muloqotda ulardan insho yozib yuborishlarini so‘rab, insholarni o‘qib, javob yo‘llashini aytdi.
Prezident Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videoda davlat rahbari o‘quvchilarning dunyodagi bo‘layotgan voqealardan qo‘l telefoni orqali xabardor bo‘lib borishini olqishlagan.
“Qisqa vaqt bo‘lsa ham sizlar bilan ko‘rishib ketishdan maqsadim – hozir televizor ko‘rasizlar, internet sizlarga ochiq, dunyo voqealaridan xabardorsizlar. Hammangizda telefon bor-a?! Bu ham yaxshi, dunyo ochiqligidan, dunyodagi voqealarga sizlar ham befarq bo‘lmaganingizdan dalolat. Hammangiz mening farzandim. Sizlarga iltimosim bitta: xuddi ota-onangiz sizlarga ishonib, qanday iltimos qilsa, meni ham iltimosim, ishonchim sizlardan”,deydi Prezident.
O‘zbekiston rahbari o‘quvchilardan o‘zi va orzulari, kelgusida qaysi kasbni tanlamoqchi ekani haqida o‘zbek tilida insho yozib yuborishlarini so‘rab, ularni birma bir o‘qib, javob yozib yuborishini aytadi.
“(O‘qituvchiga yuzlanib – tahr.) Bular o‘zbek tilida yaxshi insho yozsa-da, ertangi kunda men kim bo‘laman, oliygohga kirishga harakat qilaman, Prezidentga va’da berdim deb. Shu insholarni menga berib yuborsangiz, men keyin shu insho orqali bular bilan chuqurroq tanishardim. Har biringizga shu insholar orqali o‘zimning niyatlarimni yozib yuboraman”, deydi Prezident.