Infantino JCH tijorat huquqlarini sotishni rejalashtirmoqda
Sport
−
29 iyul 575 1 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati tijorat huquqlaridagi ulushning bir qismini xususiy investorlarga sotishni rejalashtirayotgani aytilmoqda. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tashabbus FIFA’ning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tijorat huquqlarini boshqaruvchi yangi kompaniya tashkil etilishini nazarda tutadi. Bu esa kelajakda musobaqalarni yanada kengaytirish yoki ularni hozirgi to‘rt yillik sikldan ko‘ra, tez-tez o‘tkazish ehtimolini oshirishi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, ushbu loyiha yuzasidan AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin shaxslar bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda.
FIFA Joshua Kushnerga tegishli Thrive Capital kompaniyasi ehtimoliy investorlar guruhiga boshchilik qilishi kutilmoqda. JP Morgan esa moliyaviy maslahatchi sifatida ishtirok etmoqda. Joshua Kushner AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, FIFA’ning 211 ta a’zo assotsiatsiyasining har biri taxminan 20 million dollarlik ulushga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Infantino yangi tashkil etiladigan kompaniya komissari sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janni Infantino kelajakda Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 tagacha oshirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi