Indoneziyada zilzila qurbonlari 160 kishidan oshdi

Olam

image

Indoneziyaning Yava orolida ro‘y bergan kuchli zilzila qurbonlari soni 162 kishiga yetdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi. 

G‘arbiy Yava gubernatori Ridvan Komil halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi maktab o‘quvchilari ekanini aytdi. Unga ko‘ra, zilziladan uylari jiddiy shikastlangan 13 mingdan ortiq kishi evakuatsiya markazlariga olib ketilgan.

Kecha, 21 noyabr kuni tushdan keyin Indoneziyaning Yava orolida 5,6 magnitudali zilzila yuz berdi. Indoneziya meteorologiya, iqlimshunoslik va geofizika agentligi kamida 25 ta yer silkinishini qayd etdi. Zilzila manbai 175 mingga yaqin aholisi bo‘lgan Chianjur shahri yaqinida joylashgan. Xuddi shu nomdagi mintaqa aholisi 2,5 million kishidan oshadi. 

Indoneziya muntazam ravishda halokatli zilzilalarga duch keladi. Joriy yilning fevral oyida G‘arbiy Sumatra provinsiyasida sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali zilzila oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, 460 dan ortiq kishi jarohat oldi. 2021 yil yanvar oyida G‘arbiy Sulavesi provinsiyasida 6,2 magnitudali zilzila oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 6,5 mingga yaqin kishi jarohatlangan edi. 

2004 yilda Hind okeanida sodir bo‘lgan kuchli zilzila va sunami bir qancha mamlakatlarda, aksariyati Indoneziyada deyarli 230 000 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Zilzila Indoneziya

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing