Indoneziyada uch nafar o‘zbekistonlik qamoqxonadan qochdi
Olam
−
13 aprel 2023 16466 1 daqiqa
Indoneziya poytaxti Jakartadagi immigratsion hibsxonadan uch nafar gumonlanuvchi o‘zbek fuqarosi bir ofitserni o‘ldirib, yana to‘rt kishini og‘ir yaralab qochib ketgan. Bu haqda AP xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qochganlardan ikki kishi qo‘lga olingan, uchinchisi esa politsiya tomonidan ta’qib qilinayotganda kanalga tushib ketib, cho‘kib halok bo‘lgan.
Manbaning keltirishicha, ular joriy yilning 24 mart kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining “Al-Qoida”ga aloqador terroristik guruh a’zolari ekani haqida ma’lumot bergan. Ular bilan birga yana bir O‘zbekiston fuqarosi ham ish doirasida hibsda saqlangan. Ammo o‘sha kuni boshqalar bilan birga qochishga ulgurmagan.
Gumonlanuvchilar fevral oyida Turkiyadan Indoneziyaga kelgan. Rasmiylar ularni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot orqali izdoshlari yollaganini aniqlagan.
“10 aprel kuni uch kishi hibsxonaning shiftini buzib, Ramazon ro‘zasida tong otayotgan paytda ofitserlarga hujum qilgan. To‘rtinchi odam qochishga urinmasdan hibsda qolgan”, deyiladi xabarda.
Dastlabki tergov natijalari shuni ko‘rsatdiki, uch nafar erkakning oldiga O‘zbekiston elchixonasidan konsullik xodimlari tashrif buyurib, ularning O‘zbekistonga deportatsiya qilinishini aytgan. Keltirilishicha, mahbuslar bundan qo‘rqib qochishga uringan bo‘lishi mumkin.