Indoneziyada “Supermen” libosidagi o‘t o‘chiruvchi paydo bo‘ldi (video)

Olam

image

Indoneziyaning Borneo orolida 17 yoshli Rudiyansa o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda “Supermen” libosida ishtirok etib, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘ldi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rudiyansa otasi tashkil etgan ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar guruhiga qo‘shilgan. U bir kuni otasining yong‘inni o‘chirishga tayyorlanayotganini ko‘rib, birga borishga qaror qilgan va shundan buyon Palangkarayya hududidagi yong‘inlarni o‘chirishda otasi bilan birga ishtirok etib keladi.

Ma’lum qilinishicha, o‘smir yong‘inga chiqishda o‘zining sevimli qahramoni “Supermen” kostyumini kiyib oladi. Uning yong‘inni shlang orqali o‘chirayotgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, millionlab marta tomosha qilingan. Indoneziya o‘rmon xo‘jaligi vaziri ham Rudiyansaga e’tibor qaratib, uni “O‘rmon qahramoni” deb atagan.

Rudiyansaning aytishicha, u mahalliy aholiga yordam berayotganidan xursand. U kelajakda o‘rmon reynjeri bo‘lishni orzu qiladi va boshqa o‘t o‘chiruvchilar hamda ko‘ngillilarni yong‘inga qarshi kurashni davom ettirishga chaqirgan.

Yigitning otasiga ko‘ra, 2020 yilda guruh tashkil etilganidan beri joriy mavsum eng og‘ir kechmoqda. Qurg‘oqchilik tufayli quduqlar va ko‘ngillilar foydalanadigan boshqa suv manbalari qurib qolayotgani ishni yanada qiyinlashtirgan.

Ma’lumot uchun, Indoneziyada yanvardan iyulgacha yong‘inlar 200 ming gektardan ortiq yerni yo‘q qilgan. Bu Jakarta shahri maydonidan qariyb uch barobar katta hudud bo‘lib, hukumat yong‘inlarga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha kuch va aviatsiya jalb qilgan. Yong‘inlardan chiqqan tutun Indoneziya, Malayziya va Bruney o‘rtasida bo‘lingan Borneo orolining bir qismiga tarqalgan. El-Nino bilan bog‘liq qurg‘oqchilik esa yangi yong‘inlar xavfini oshirib, ularni o‘chirishni qiyinlashtirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing