Indoneziyada piton 61 yoshli erkakni yutib yubordi (video)

Olam

image

Indoneziyaning Janubi-sharqiy Sulavesi mintaqasida 61 yoshli fermer La Notini ulkan piton yutib yubordi. Voqea joriy yilning 4 iyul kuni ertalab, u tovuqlarini boqish uchun dala bo‘yida yurgan vaqtda yuz bergan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, taxminan 8,5 metr uzunlikdagi ilon baland o‘t ichidan chiqib, La Notining oyog‘iga yopishib olgan va unga hujum qilgan. Qurolsiz bo‘lgan keksa erkakni piton bo‘g‘ib o‘ldirgan va butunlay yutib yuborgan.

Uning uyga qaytmaganidan xavotirga tushgan qarindoshlari ertasi kuni mahalliy aholini jalb qilgan holda qidiruv ishlarini boshlagan. Uning mototsikli Majapaxut qishlog‘i yoqasida topilgan va bu yirik qidiruv guruhini ishga tushirgan.

Kechroq ular bog‘ yaqinidagi butalar orasida yotgan, qorni bo‘rtib chiqqan ulkan pitonni ko‘rib qolgan. Ilon harakatsiz va “ov” tufayli og‘ir avholda bo‘lgan. Bundan shubhalangan mahalliy aholi pitonni tutib, qornini ochib ko‘rgan va uning ichidan La Notining kiyimlari bilan birga tanasi shilimshiqqa o‘ralgan holda chiqqan.

Voqea joyida olingan videoda bir nechta odam pitonning qornini ehtiyotkorlik bilan kesib, La Notining 160 sm bo‘yli jasadini chiqarayotgani aks etgan. Jasad keyinchalik dafn marosimi uchun oila a’zolariga topshirilgan.

“Marhum oilasiga chorva hayvonlarini boqish uchun ketayotganini aytgan, ammo uyga qaytmagan. Oila a’zolari va aholi qidiruv ishlari olib borib, uni katta piton yutib yuborganini aniqladi. Oila bu voqeani qabul qilib, marhum uchun duo qildi”, deydi mahalliy politsiyasi boshlig‘i, politsiya komissari Mas’ud Gunavan.

Favqulodda holatlar va ofatlar bo‘yicha mahalliy boshqarmalardan birining rahbari La Ode Risaval bu voqeani “misli ko‘rilmagan” deb atagan.

“Bu hududda ilk bor odam piton tomonidan yutilganini ko‘ryapmiz. So‘nggi paytlarda pitonlar odamlarning uy va bog‘lariga tez-tez kirib kelyapti. Biz aholiga o‘rmonlarga yakka holda chiqmaslik haqida ogohlantirdik”, deydi u.

Mutaxassislarning fikricha, bu holat yovvoyi hayvonlar yashaydigan hududlarning buzilishi va ekologik muvozanatning izdan chiqishi bilan bog‘liq. Indoneziya va unga yaqin bo‘lgan Filippin orollarida 6 metrdan uzun pitonlar kam uchraydigan hodisa emas. Odatda odamga hujum qilish hollari kamdan-kam uchrasa-da, ular och qolganida yoki yashash hududi buzilganda o‘ta xavfli tus oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya ilon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing