Indoneziyada erkak bayroqni itning sharfi sifatida ishlatgani uchun hibsga olindi
Olam
−
14 avgust 2023
3757Indoneziya politsiyasi 17 avgust kuni nishonlanadigan mamlakat Mustaqillik kuni arafasida davlat bayrog‘ini itga bog‘lab qo‘ygan shaxsni hibsga oldi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar qildi.
Gap shundaki, TikTok'da davlat bayrog‘ini itning bo‘yniga bog‘langani aks etgan video tarqalgan. Shundan so‘ng, politsiya tomonidan ushbu ishni amalga oshirgan shaxs hibsga olingan.
Qayd etish joizki, mamlakatda bayroq va boshqa davlat ramzlari bo‘yicha qat’iy qonunlar mavjud.
Davlat bayrog‘ini bulg‘ash, haqorat qilish yoki kamsitish maqsadida yo‘q qilgan, yirtgan, oyoq osti qilgan, yoqib yuborgan yoki boshqa har qanday xatti-harakatni sodir etgan shaxs eng ko‘p besh yilga ozodlikdan mahrum qilish yoki 500 million rupiya (taxminan 380 million so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.
Indoneziya 17 avgust kuni Mustaqillik kunini nishonlaydi, bu mamlakat Niderlandiyadan mustaqil bo‘lganini xotirlaydi. Bayramdan bir necha hafta oldin ofislar, transport vositalari va uylar odatda bayroqlar bilan bezatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda bayroqli bitiruv tasmasi osib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va tanqidlarga sabab bo‘lganidan keyin Bosh prokuratura bayonot berib, yigit bu uchun javobgarlikka tortilmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, uni hibsga olgan IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi ham o‘tkazilgan.
LiveBarchasi