Inbazar. Zamon mushtumzo‘rnikimi?
Tahlil
−
16 Sentabr
10828Dam olish kunlari ko‘plab o‘zbekistonliklar dam ololmadi, ayniqsa ijtimoiy tarmoq faollari. Ularning oromini Inbazar savdo markazida xodim xatosi uchun kaltaklangani aks etgan video va undan keyingi voqealar buzdi.
13 sentyabr kuni Sergeli tumanida joylashgan savdo majmuasida ishlovchi 2001 yilda tug‘ilgan xodim o‘zaro kelishmovchilik oqibatida birga ishlovchi 2006 yilda tug‘ilgan Mehroj ismli xodimni qo‘li bilan urgan va “isqirt” deya haqorat qilgan. Ushbu holat savdo majmuasining 1998 yilda tug‘ilgan boshqa xodimi tomonidan tasvirga olingan.
Jabrdiyda xodim nima xato qildiki, bunday tahqirlansa? Ko‘p o‘tmay uning aybi “fosh bo‘ldi”. Ma’lum bo‘lishicha, u bozor aravasini devorga urib yuborgan. Ana bo‘lmasa, aravaning qadri odam qadridan baland. Tarqalgan videolar odamlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Inbazar’ga boykot degan chaqiriqlar ko‘paydi.
Shundan so‘ng, savdo majmuasi asoschisi Omadbek Xolmatov xodimni haqoratlagan boshqa bir xodimi haqida bayonot berib chiqdi. Unga ko‘ra, bunday ishi uchun zo‘ravon xodim tegishli javobgarlikka tortiladi.
Ko‘p o‘tmay Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi kaltaklangan fuqaro mazkur holat yuzasidan muqaddam ichki ishlar organlariga murojaat qilmagani, ammo shunday bo‘lsa-da holat o‘rganilib, sudga oshirilganini ma’lum qilib chiqdi.
Bugun, 16 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida zo‘ravonlar ishi ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan xodimni kaltaklagan savdo markazi vakili Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli, deb topildi va unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, “samosud”ni tasvirga olgan yana bir xodim ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 5 sutkaga qamaldi.
Brend obro‘sini saqlab qolish uchun Inbazar rahbariyati bir kechaning o‘zida qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qildi. Mashhurlarni holat bo‘yicha munosabat bildirishga, Inbazar’ning yonini olishga chaqirgan bo‘lsa, boshqa tomondan kaltaklangan xodimga mashinayu yaxshi lavozim berib qo‘ydi.
Ammo foydasi bo‘ldimi – yo‘q! Bozor asoschisi Omadbek Xolmatovning o‘zi brend nomini chandon to‘kdi. Haligina zo‘ravonlikni ko‘rib shokka tushib qolganini va bunga qarshi ekanini bildirgan rahbarning o‘zi zo‘ravon bo‘lib chiqdi.
U xodimlarini muntazam o‘zi kaltaklab yoki boshqalarga kaltaklatib kelgan. Holatlarni tasvirga oldirib, tag‘in o‘rnak bo‘lsin deya boshqalarga namuna qilib kelgan.
O‘zidan jazolovchi organ yasab olgan Omadbek Xolmatov to‘rt yil oldin ko‘chada unga dahli bo‘lmagan shaxslar bilan janjallashgan bir yigitni ikkita “ukaxonlari” bilan qo‘rqitgan. Yigit janjallashishni xohlamasa ham uni kaltaklatmoqchi bo‘lgan. Boshqa bir videoda xodim ishxonaga tanishini kiritgani uchun uni ayovsizlarcha urib, tepib, haqoratlab kaltaklagan.
Yana bir videoda ishsiz yigitni “isqirt kiyingan” deya tahqirlagan, kamsitgan. Omad Xolmatov o‘zining bunday zo‘ravonliklarini yashirmagan, aksincha faxrlangan. Mijozlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan xodimlarni shunchaki mehnat shartnomasiga ko‘ra ishdan bo‘shatib yubormay, balki o‘zi kaltaklab, jazo berib kelgan. Shuni aytadilar-da, baliq boshidan ayniydi deb.
Jamoatchilik faollari endi zo‘ravon tadbirkor ham javobgarlikka tortilishini talab qilib chiqishni boshladi. Ularning aytishicha, bunday xatti-harakatlarni oqlab bo‘lmasligi, zo‘ravonlik qilgan kim bo‘lishidan qat’i nazar – rahbar bo‘lsin, xodim bo‘lsin, jazolanishi kerak. Zo‘ravonning yonini olganlar chempion-u mashhur shaxslar esa keskin tanqidlarga uchradi. Eng qizig‘i, shuncha vaqt davomida u zo‘ravonliklari uchun biron marta javobgarlikka tortilmagan. Balki shuning uchun sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev uni o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas deb atagandir.
Bundan ko‘rish mumkinki, odamlarning zo‘ravonlikka qarshi birikuvi foyda berdi. Savdo markazi filiallari birin-ketin vaqtincha yopila boshladi. Zo‘ravon tadbirkor Omadbek Xolmatov ustidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etish joizki, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolardagi holatlar eski bo‘lib, muqaddam hech kim ariza bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Hozir videoda aks etgan shaxslarning shaxsi aniqlanib, tekshiruv o‘tkazilmoqda. Ammo G‘iyosov buni qora piar deya atamoqda.
Tajribali PR menejerlarning bizga ma’lum qilishicha, mazkur holatda qora piar alomatlari mavjud emas. Zo‘ravonlik holatlari bilan brendni piar qilish teskari effekt beradi va buni jamiyat qoralaydi. Bu brendga salbiy oqibatlarga olib keladi.
“Agar bu qora piar bo‘lgan taqdirda ham, demak yaxshi uylanmagan piar”, deydi mutaxassislar.
Aslida esa bu O‘zbekistonda mehnat qonunchiligiga tutilgan bir oyna xolos. Inbazar bilan bog‘liq bo‘lgan holat mamlakatda boshqa ko‘plab ishxonalarda tez-tez kuzatilib turadi. Mamlakatda o‘nlab yillar davomida xoh davlat ishchisi bo‘lsin, xoh yollanma xodimlar doimiy ravishda haqoratlanib, tahqirlanib va hatto do‘pposlanib keladi. Yirik xalqaro tashkilotlar O‘zbekistondagi mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun yirik kreditlar ajratayotgan va vaziyatni kuzatib turgan bo‘lishiga qaramay, vaziyat uncha o‘nglanmadi.
Hatto Yangi O‘zbekiston deb ataladigan davrda, ya’ni 2016 yildan keyin ham mehnat qonunchiligi buzilib kelgan.
Masalan, yaqindagina 4 sentyabr kuni Qo‘shrabot tumani hokimi o‘rinbosarini “Sen eshak, ahmoq, hayvon” deb haqoratlagandi va buning uchun faqat “hayfsan” oldi.
2022 yilda Qoraqalpog‘istonda YHXB boshlig‘i inspektorlarga kuch ishlatib, haqorat qilgandi.
2021 yilda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Usta Normat mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Ikromovni urib, haqoratlagandi. U bugun ham lavozimda o‘tiribdi.
2019 yilda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham qaysidir ishchini “latta”, “iflos”, “it”, “tilingni uzaman sen marazlarni”, “hezalak” kabi o‘ta qo‘pol va haqoratomuz so‘zlar bilan tahqirlagan.
O‘zining so‘kishlari bilan ma’lum-u mashhur sobiq Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev esa bugun Prezident maslahatchisiga o‘rinbosar. U ham qachonlardir dam olish kuni majlis o‘tkazgani uchun tanqidlar ostida qolgandi.
Eng achinarlisi, mamlakatda mehnat qonunchiligi, inson huquqlari kuppa-kunduz kuni buzilayotgan bir paytda Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi habi yirik davlat organlari jim turibdi.
Xullas, toki mehnat qonunchiligi davlat idoralarida poymol qilinayotgan, xodimlar haqoratlanayotgan va buning uchun yengil jazolar bilan qutulayotgan bo‘lsa, ishchilarning huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan yirik davlat tashkilotlari sukut saqlayotgan bir paytda oddiy tadbirkorning xulqini taroziga qo‘yavering. Yuqorida aytgan maqolimizni takrorlaymiz – baliq boshidan ayniydi.
LiveBarchasi