Import mahsulotlarga aksiz solig‘ini belgilovchi Kengash “tilga kirib”, benzin masalasiga izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan bildirilgan taklif muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 

Ushbu masala yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z munosabatini bildirib, aksiz solig‘ini oshirish maqsadga muvofiq emasligini bildirgandi. Qo‘mita mahsulot importiga aksiz solig‘ini belgilash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tarif va notarif tartibga solish Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishini va shunga ko‘ra, o‘z pozitsiyasini himoya qilishini ma’lum qilgandi.

Mazkur masala yuzasidan Tarif va notarif tartibga solish Kengashi o‘z munosabatini bildirdi. Unda Internet resurslarida neft mahsulotlariga aksiz solig‘ini solish bilan bog‘liq chop etilgan maqolalar ko‘rib chiqilgani aytilgan.

“Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va aniq faktlar bilan isbotlanmagan bu kabi maqolalar va sharhlarning e’lon qilinishi vazirlik va idoralar tomonidan xalqaro majburiyatlarni bajarishga qaratilgan ishlarning mohiyatini buzib talqin etadi.

Avvalambor, MDH doirasida tuzilgan erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama Bitimiga (Bitim) qo‘shilishda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni qayd etish lozim.

Bitimni uning tomonlari va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida qo‘llash to‘g‘risidagi Bayoniga muvofiq, 2020 yilning 31 dekabrida O‘zbekiston tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar va import qilingan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qilish uchun qabul qilingan o‘tish davri tugaydi, ya’ni belgilangan muddatgacha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan tovarlarga o‘rnatilgan aksiz solig‘i stavkalari umumiy maxrajga keltirilishi kerak.

Aksiz solig‘ining tovarlar bo‘yicha unifikatsiyasini ta’minlash JST va YeOII kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlarning hujjatlari va amaliyotlarida ham nazarda tutilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda import qilinganda 52 ta tovar pozitsiyasiga, mahalliy ishlab chiqarishda esa - 15 ta pozitsiyaga aksiz solig‘i solinmoqda, xususan:

42 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha faqat import qilishda aksiz solig‘i solinadi;

10 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha import qilish va mamlakatimizda ishlab chiqarish (shu jumladan, neft mahsulotlari) holatlarida bir xil qiymatga ega bo‘lmagan aksiz solig‘i stavkalari o‘rnatilgan;

5 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarga aksiz solig‘i solinadi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 12 may kuni Ivestitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo‘lib o‘tgan tarif va notarif tartibga solish Kengashining navbatdagi majlisida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari e’tiboriga respublika tomonidan aksiz solig‘ini solishni unifikatsiya qilish va tegishli chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarish zarurligi to‘g‘risida ma’lumot havola etildi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJning faqat neft mahsulotlari importiga aksiz solig‘ini 20 foizga oshirish bo‘yicha taklifi tarif va notarif tartibga solish Kengashining Kotibiyatiga taqdim etilmagan.

Bundan tashqari, stavkaning taklif etilayotgan o‘zgarishi xalqaro majburiyatlar va amaliyotga mos kelmasligi sababli ko‘rib chiqilishi va qo‘llanilishi mumkin emas.

Shu bilan birga, tovarlarni ishlab chiqarish va import qilishda bir xil soliq stavkalari qo‘llanilsa, ishlab chiqarilgan va import qilinadigan aksizli mahsulotlarga nisbatan teng va adolatli yondashuv ta’minlanadi, bu esa raqobat uchun teng sharoitlarni yaratadi”, deyiladi Kengash xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raqobatni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, monopol korxonalar zamonga moslasha olmayotganini tanqid qildi. Xususan, Prezident shunday dedi:

“Raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat’iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib bo‘lsa, ishlaydi, bo‘lmasa – ketadi”.

Yig‘ilishda raqobatni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi tizim ishlab chiqish kerakligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, monopol tashkliotlarga berilgan imtiyozlarni ham bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

benzin aktsiz solig'i

Baholaganlar

110

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing