Imomo‘g‘li uchun 2352 yil qamoq so‘raldi
Olam
−
12 noyabr 5699 2 daqiqa
Istanbul Bosh prokuraturasi shaharning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘liga qarshi ayblov xulosasini e’lon qildi va siyosatchiga korrupsiya ayblovlari bo‘yicha 2352 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘radi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ish doirasida 402 kishi tilga olingan, shundan 105 nafari hibsga olingan. Prokuratura xulosasi 3900 sahifadan iborat bo‘lib, unda jinoyat tashkiloti tuzish, pora olish va firibgarlik kabi ayblovlar mavjud. Imomo‘g‘li “tashkilot asoschisi va rahbari” sifatida ko‘rsatilgan, unga jami 142 ta jinoyat moddasi qo‘yilgan.
Prokuratura zarar miqdorini 160 milliard turk lirasi (taxminan 3,7 milliard dollar) va 24 million dollar deb baholagan. Ayblovga ko‘ra, Imomo‘g‘li uchun 828 yil va 2 oydan 2352 yilgacha qamoq jazosi talab qilingan.
Ekrem Imomo‘g‘li 2025 yilning 19 mart kuni hibsga olingan. U konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, jinoiy tashkilot tuzish va Kurdiston ishchilar partiyasiga yordam berishda ayblangan.
Imomo‘g‘li 2027 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilgan edi. Human Rights Watch tashkiloti uning ishini “siyosiy sabablarga ko‘ra ochilgan tergov” deb atagan.
Qamalishidan biroz avval, Istanbul universiteti Bosh prokuratura so‘rovi asosida Imomo‘g‘li diplomini bekor qilgan, bu esa uni qonun bo‘yicha prezidentlik saylovida qatnashish huquqidan mahrum etgan – chunki Turkiya qonunlariga ko‘ra, prezidentlikka faqat oliy ma’lumotli shaxslar nomzodini qo‘ya oladi.
Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sobiq mer ayblov xulosasiga o‘z fikrini bildirgan.
“Bu ayblov xulosasini prokuror emas, balki keyingi saylovda yutqazishini bilgan odam yozgan”, deya Rajab Toyib Erdo‘g‘anni nazarda tutgan edi Imomo‘g‘li.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya xalqaro jinoiy sudi Ekrem Imomo‘g‘lini “siyosiy josuslik”da ayblab, hibsga olish orderini chiqargandi.
Live
Barchasi