Imomo‘g‘li 20 oyga qamaldi
Olam
−
16 iyul 5845 3 daqiqa
Istanbul shahrining sobiq meri, muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li sudda bosh prokurorga tahdid qilish va haqorat qilishda ayblanib, 1 yil 8 oylik (20 oy) qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Hurriyet” xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, jinoyat Imomo‘g‘lining joriy yil 20 yanvardagi chiqishlari bilan bog‘liq. O‘shanda Imomo‘g‘li Istanbul bosh prokurorini siyosiy maqsadlarda tekshiruvlar olib borishda ayblagan. U sudda barcha ayblarni rad etgan va ularni siyosiy jihatdan qurollangan bosim deb atagan.
Hukm ikki apellyatsiya sudida tasdiqlanishi kerak. Qayd etilishicha, Imomo‘g‘lini siyosiy faoliyatidan cheklash nazarda tutilmagan, ammo agar hukm apellyatsiyada tasdiqlansa, bu uning prezident saylovlaridagi ishtirokiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ushbu qamoq jazosining yana bir salbiy tomoni shundaki, Istanbul universiteti tomonidan Imomo‘g‘lining diplomi bekor qilingan, bu esa uning kelajakdagi saylovlarda ishtirokiga to‘sqinlik qilishi ham mumkin.
Sobiq mer 2028 yildagi prezidentlik saylovlarida “Jumhuriyat Xalq” partiyasi nomzodi sifatida ilgari surilgan bo‘lsa-da, agar bu hukm apellyatsiyada tasdiqlansa, u saylovlarda qatnasha olmasligi ehtimoli mavjud.
Umuman, Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan boshlandigan sudlar Turkiyada muxolifatni bostirish va amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning siyosiy ta’sir doirasini kengaytirishga yo‘naltirilgan harakat sifatida baholanmoqda.
Joriy yilning 23 mart kuni ertalab Imomo‘g‘li sud qarori bilan hibsga olingan. Shu kuni Respublika Xalq partiyasi Imomo‘g‘lini Turkiya prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatdi va u nomzodlikka tasdiqlandi. Praymerizlar davomida uning nomzodini 13,2 million fuqaro qo‘llab-quvvatladi – bu ro‘yxatga kiritilgan barcha saylovchilarning qariyb 20 foiziga teng.
Imomo‘g‘lining ta’qib qilinishi Turkiyada 2013 yildan beri eng yirik norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Sobiq hokim hibsga olinganidan keyingi 10 kun ichida butun mamlakat bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlovchi 220 ga yaqin namoyish bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Istanbul shahrining sobiq hokimi, muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytgandi. U Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini ta’kidlagandi. 19 mart kuni maxsus operatsiya davomida Imomo‘g‘li va uning matbuot bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun qo‘lga olindi. Mazkur holat Turkiyada namoyishlarga ham sabab bo‘ldi. Adliya vaziri Yilmaz Tunch voqealar yuzasidan tegishli bayonotini e’lon qildi va Imomo‘g‘lining ishiga Erdo‘g‘anning aloqasi yo‘q ekanini aytib chiqdi.
Korrupsiya va terrorizm ishi bo‘yicha hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 22 mart kuni o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. O‘sha kuni u sud binosiga olib borildi. Bosh prokuratura sud binosiga yuborilgan 90 nafar gumondor uchun 30 nafar prokuror tayinladi. Asta-sekin Imomo‘g‘li bilan bog‘liq sud qarorlari e’lon qilina boshlandi. Shundan so‘ng, Imomo‘g‘li aholini 23 mart kuni o‘tkaziladigan ommaviy mitinglarda qatnashishga chaqirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr