Imomali Rahmonning tanqidchisiga sud hukmi o‘qildi
Olam
−
19 Oktabr 2021
12398Bugun, 19 oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahar sudi Rossiyadagi muhojirlarning huquq himoyachisi Izzat Omonni 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Aziya-Plyus” huquq himoyachisining advokati Saidburxon Sharipovga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sharipov sud qaroriga rozi emasliklarini va yuqori instansiyalarga shikoyat qilishlarini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Izzat Omon yakuniy nutqida aybini tan olib, pushaymonligini bildirgan. Bundan tashqari, u amnistiya bo‘yicha afv etilishini so‘ragan hamda ayblovga muvofiq barcha zararni qoplaganini ma’lum qilgan.
“Sud hukm chiqarayotganda Tojikiston Respublikasi qonunlarini buzdi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 49-moddasi va “Amnistiya to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasini buzdi. Bu hukm noqonuniy hisoblanadi. Qonun kuchga kirganda, sud adolat qilishi kerak. Amnistiya to‘g‘risidagi qonun mening mijozimga nisbatan qo‘llanilishi kerak edi”, deydi Saidburxon Sharipov.
Ma’lumot uchun, Izzat Omon (Xolov) Imomali Rahmonga qarshi bo‘lgan muxolif “O‘zgarishlar, islohotlar va taraqqiyot” partiyasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Tojikiston Prezidentining tanqidchisi ham hisoblangan Izzat Omon Moskvada joriy yilning 25 mart kuni yo‘qolib qolganidan 1 kun o‘tib, Dushanbedan topilgandi. Keyinchalik, 27 mart kuni Izzat Omon Moskvaning Tverskoy sudining qarori bilan Rossiyadan deportatsiya qilingani ma’lum bo‘lgandi. Advokat Omon Rossiya Federatsiyasida bo‘lish qoidalarini buzganlikda va Rossiya fuqaroligini noqonuniy olganlikda ayblangan.
Xavfsizlik xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, u Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bahonasida o‘nga yaqin odamni aldab, ulardan katta miqdorda pul yig‘ib olgan. Bundan tashqari, Omon Rossiya Federatsiyasida giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan jinoyatchilardan birini tergov izolyatoridan ozod qilish niyati borligini e’lon qilgan.
Xolovning tarafdorlari deportatsiya to‘g‘risidagi qaror noo‘rin hamda uni Rossiya fuqarosi deb hisoblaydi.
Omon “Moskvaning tojiklar markazi”ga asos solib, u orqali Rossiyadagi migrantlarga huquqiy muammolarni hal qilishda yordam berib, Tojikistonning mahalliy aholisi orasida shuhrat qozongan.
LiveBarchasi