Tojikistonliklar Moskvada namoyishga chiqdi

Olam

Kecha, 2 aprel kuni Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi yaqinida ruxsatsiz miting bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Sputnik” nashri yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, aksiyaga Rossiyadagi tojik migrantlari orasida taniqli bo‘lgan inson huquqlari himoyachisi va advokat Izzat Omon (Xolov)ning Rossiyadan chiqarib yuborilishi sabab bo‘lgan.

Manbaga ko‘ra, Mir chorrahasida joylashgan masjidda juma namozidan keyin odamlar elchixona binosi tomon yurib, tegishli shiorlarini aytib baqirgan.

Mitingda bir necha yuzlab odamlar yig‘ilgan. Keyin ularni politsiya otryadi tarqatib yuborgan. Namoyishda qatnashganlarning taxminan 50 nafari hibsga olingan. Voqeada hech kim jabrlanmagan.

Qayd etilishicha, namoyishda qatnashgan muhojirlarga Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq sanksiyalar qo‘llaniladi. Xususan, jarima, hibsga olish, deportatsiya ham istisno etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning tanqidchisi Izzat Omon Moskvada yo‘qolib qolganidan 1 kun o‘tib, Dushanbedan topilgandi. Keyinchalik, 27 mart kuni Izzat Omon (Xolov) Moskvaning Tverskoy sudining qarori bilan Rossiyadan deportatsiya qilingani ma’lum bo‘lgandi. Advokat Omon Rossiya Federatsiyasida bo‘lish qoidalarini buzganlikda va Rossiya fuqaroligini noqonuniy olganlikda ayblangan.

Xavfsizlik xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, u Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bahonasida o‘nga yaqin odamni aldab, ulardan katta miqdorda pul yig‘ib olgan. Bundan tashqari, Omon Rossiya Federatsiyasida giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan jinoyatchilardan birini tergov izolyatoridan ozod qilish niyati borligini e’lon qilgan.

Xolovning tarafdorlari deportatsiya to‘g‘risidagi qaror noo‘rin hamda uni Rossiya fuqarosi deb hisoblaydi.

Omon “Moskvaning tojiklar markazi”ga asos solib, u orqali Rossiyadagi migrantlarga huquqiy muammolarni hal qilishda yordam berib, Tojikistonning mahalliy aholisi orasida shuhrat qozongan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1821

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing