Moskvada g‘oyib bo‘lgan Imomali Rahmonning tanqidchisi Dushanbedan topildi
Olam
−
27 mart 2021
18110Joriy yilning 25 mart kuni inson huquqlari himoyachisi va Tojikiston rasmiylarining tanqidchisi Izzat Omon Rossiyaning poytaxti Moskvada g‘oyib bo‘lgandi. U Rahmonga qarshi bo‘lgan muxolif “O‘zgarishlar, islohotlar va taraqqiyot” partiyasining asoschilaridan biri hisoblanadi.
Yo‘qolib qolishdan avval, Izzat Omon yordamchisiga hibsga olingani to‘g‘risida xabar bergan, ammo kim tomonidan va qayerga olib ketilganini aytishga ulgurmagan. Omonning advokati va qarindoshlari Rossiya hukumatidan deyarli bir kundan ortiq u qayerga g‘oyib bo‘lgani to‘g‘risida izoh ololmagan.
Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda Izzat Omonning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan video-murojaati paydo bo‘ldi.
“Agar ushbu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, unda allaqachon meni o‘g‘irlab ketishgan va ehtimol Rossiya hududida bo‘lmasam ham kerak”, deydi Izzat Ommon o‘z video-murojaatida.
Bundan tashqari, u yarim yildan beri ortidan noma’lum shaxslar kuzatib yurgani hamda yaqinda mavhum sabablarga ko‘ra, Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingani to‘g‘risida aytib o‘tib, Putindan yordam berishini so‘ragan.
Izzat Omonning ta’kidlashicha, Tojikiston hukumati Rossiya maxsus xizmatlariga katta miqdorda pul berib, uni Tojikistonga olib ketishni rejalashtirgan.
Bugun, 27 mart kuni Tojikiston Respublikasi IIV Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Izzat Omon Rossiyadan deport qilinib, Dushanbega olib kelinganidan so‘ng, aeroportda hibsga olingan.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, Izzat Omon yashash qoidalariga rioya qilmaganligi va Rossiya fuqaroligini noqonuniy olganligi uchun Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborilgan.
“Shuni qayd etish kerakki, Xolov Izzat Omon tojikistonlik fuqarolar va mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bahonasida Rossiyada o‘nlab odamlardan firibgarlik yo‘li bilan katta miqdordagi pullarni olib, o‘zlashtirgan”, deyiladi IIV xabarnomasida.
LiveBarchasi