Imomali Rahmon Rimda. Tojikiston Italiya bilan qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik qilmoqchi?
Olam
−
24 aprel
5062Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rimda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashdi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy, savdo, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar gidroenergetika, yengil, oziq-ovqat, metallurgiya, tog‘-kon, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Tojikiston sanoat sohasini rivojlantirish uchun Italiya kapitalini jalb qilish har ikki davlat uchun ham foydali ekani qayd etildi.
Tojikistonda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish, Yevropa davlatlariga eksport hajmini oshirish uchun keng imkoniyat va resurslar mavjudligi ta’kidlandi. Ikki tomon o‘rtasida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va aloqalarni yo‘lga qo‘yish, Italiyadagi oliy ta’lim muassasalarida Tojikiston fuqarolari uchun kvota ajratish ham uchrashuvning mavzulari bo‘ldi.
Tomonlar BMT, YXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni ham muhokama qildilar. Murakkab xalqaro siyosiy vaziyat munosabati bilan zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda samarali hamkorlik zarur deb topildi.
Tojikiston va Italiya o‘rtasidagi rasmiy uchrashuvlar va muzokaralar yakunlangach, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ishtirokida hamkorlik to‘g‘risidagi yangi hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sammit yakunlari bo‘yicha jami 7 ta yangi hujjat imzolandi. Bitimlar xavfsizlik masalalari, giyohvandlikka qarshi kurash, turizm va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi.
Shuningdek, diplomatik pasport egalari uchun viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.
LiveBarchasi