Imomali Rahmon Xitoy TIV rahbarini qabul qildi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kecha, 18 may kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi. Bu haqda Tojikiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

“Xitoy mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi, so‘nggi o‘n yilda Tojikiston iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy sarmoyasining umumiy hajmi 3,8 milliard dollarni tashkil etdi”, degan Imomali Rahmon Van I bilan uchrashuvda.

U Tojikiston tomoni Xitoy bilan yashil va raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va yashil texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarishni yaratish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

Suhbatdoshlar sanoat, xususan, tog‘-kon sanoati, shuningdek, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilgan. Bundan tashqari, uchrashuvda xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, zamonaviy tahdid va xavflarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan. Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar SHHT doirasida, “Markaziy Osiyo plyus Xitoy” formatida hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratgan.

“Bu yil yuqori va oliy darajadagi bo‘lajak muloqot va uchrashuvlarni hisobga olgan holda, ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich bo‘ladi”, degan Prezident.

O‘z navbatida, Van I Rahmonga qabul uchun minnatdorlik bildirib, unga Xitoy raisi Si Szinpindan eng ezgu tilaklarini yetkazgan. Xitoy TIV rahbari Tojikiston Prezidentining respublika rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini qayd etdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbinning ma’lum qilishicha, Xitoy TIV rahbari 18-21 may kunlari Tojikiston va Qozog‘istonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. U 21 may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining Kengash yig‘ilishida ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, hozirda Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Gochjunning Markaziy Osiyo davlatlariga safari davom etmoqda. U allaqachon O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lgan va Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishida qatnashgan. 16 may kuni Lyu Gochjun Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi. U Qozog‘istondan so‘ng Qirg‘izistonga ham bordi. Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosarining Markaziy Osiyodagi 3 davlatga safari 20 maygacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga safar qilgandi. Kemeron mazkur safardan Markaziy Osiyo mamlakatlariga Buyuk Britaniya hamda mintaqada ta’sir o‘tkazish uchun kurashayotgan Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilish o‘rtasida “tanlov” qilish imkonini berishni ko‘zlaganini ochiq aytdi. Kemeron ketganidan ko‘p o‘tmay, 26 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng matbuotga bayonot bergan Galuzin Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazishga va uni ittifoqdoshlaridan uzoqlashtirishga qaratilganini ta’kidladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Xitoy Imomali Rahmon Van I

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing