Imomali Rahmon ikki haftalik tanaffusdan so‘ng yana ko‘rinish berdi
Olam
−
17 fevral 8232 2 daqiqa
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ikki haftalik izsiz yo‘qolishdan so‘ng kecha, 16 fevral kuni Dushanbe shahrida Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Prezident Kosherbayevning Tojikistonga tashrifini iliq baholab, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash hamda kengaytirishga doimiy e’tibor qaratilishini ta’kidlagan.
Kosherbayev esa samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Imomali Rahmonning Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni barcha sohalarda rivojlantirishdagi hissasini qayd etgan.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari turli sohalarda muhokama qilingan. Prezident munosabatlarning rivojlanishidan mamnunligini bildirib, savdo-ijtimoiy, investitsiya, madaniy-gumanitar sohalar, xavfsizlik va boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda muntazam siyosiy muloqot muhimligini ta’kidlagan. Shu kontekstda oliy darajadagi uchrashuvlar va aloqalar jadvali ham ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Qayd etish joiz, Rahmonning ommaviy chiqishlarsiz ikki haftalik tanaffusi va davlat telekanallaridagi ko‘rinmasligi turli taxminlar va munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba’zi manbalar buni ta’til yoki xorijda davolanish bilan izohlagan, ammo rasmiy tasdiq yo‘q.
74 yoshli Prezidentning sog‘lig‘i bo‘yicha avval ham mish-mishlar tarqalgan, u doimiy jamoatchilik diqqat markazida bo‘ladi. Ba’zi bir manbalarga ko‘ra, Rahmon ikki hafta ichida Xitoyga borib davolanib kelgan bo‘lishi mumkin, lekin bu ham rasman tasdiqlanmagan. Bunga yaqin taxminlar esa bor. Masalan, 15 fevral kuni Prezidentning matbuot xizmati Imomali Rahmonning Xitoy Raisi Si Szinpin uchun video tabrigini e’lon qildi. Uch daqiqalik murojaat Prezidentning rasmiy sayti, Telegram-kanali va Facebook sahifasida joylashtirildi.
Rahmon Si Szinpinni Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bilan tabriklab, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi va strategik sheriklik doirasidagi faoliyatdan mamnunligini bildirdi. Odatda Prezident matbuot xizmati xorijiy yetakchilarga telegramma tabriklari yuborar edi, ammo video tabrik formati deyarli qo‘llanilmasdi, lekin bu qadam Xitoyga nisbatan yangicha yondashuv ekanini ko‘rsatmoqda.
Live
Barchasi