Imomali Rahmon ham Rossiyaga yo‘l oldi
Olam
−
25 dekabr 2023
5644Bugun, 25 dekabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburgga jo‘nab ketdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Imomali Rahmon Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahriga jo‘nab ketdi”, deyiladi xabarda.
Rahmonga safarda tashqi aloqalar bo‘yicha yordamchisi va boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qilmoqda.
Qayd etish joizki, Imomali Rahmon o‘tgan oyda ham Rossiyaga borib, Prezident Vladimir Putin bilan yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha sakkizta hujjat imzolangan. Putin tojikistonlik mavqedoshini uchinchi darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlagan.
Ma’lumot uchun, 25 va 26 dekabr kunlari MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ko‘p yillardan buyon dekabr oyi oxirida Sankt-Peterburgda to‘planib kelayotgan davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqotning an’anaviy formatidir. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bunday sammitlarni “do‘stona davradagi” suhbatlar sifatida tavsiflaydi, unda mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Sankt-Peterburgga yetib borgandi. Bugun, 25 dekabrda esa Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko ham YeOII va MDH sammitlarida qatnashish uchun Sankt-Peterburgga jo‘nab ketgandi.
LiveBarchasi