Tadbirkorlar diqqatiga! Puldor xaridorlarga to‘la bozor sizni kutmoqda

Biznes

Ichki bozori importga bog‘langan, tashqi bozordan har yili qariyb 90 mlrd dollarlik xaridlarni amalga oshiradigan Iroq dunyoga o‘z eshiklarini ochmoqda. Bugungi kunda Iroq O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo aylanmasini yiliga 20 million AQSH dollardan 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi.

Joriy yilning 12 yanvar kuni 150 ga yaqin yirik biznes vakillaridan iborat Iroq delegatsiyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi. Ularga shaxsan Iroq Savdo vaziri Asir Dovud Salmon al-G‘urayriy boshchilik qilayotgani esa maqsad qanchalik jiddiyligini ko‘rsatadi.

“Ushbu tashrif Iroq va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Avvalo shuni ta’kidlash joizki, hozirgi Iroq 20 million AQSH dollarilik ko‘rsatkichi mavjud salohiyatimizga aslo mos emas.  Savdo hajmini oshirish, tajriba va madaniyat almashish, turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlarimiz keng”,  deydi Iroq rasmiysi.

Bu tashrifning asosiy maqsadi – qurilish, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, mebel va avtomobilsozlik sohalaridagi korxonalar faoliyatini bevosita o‘rganish, mahsulot sifati hamda ishlab chiqarish salohiyatini tahlil qilish ekanligi aytildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan biznes vakillari ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishishi, ob’ektlarni joyida ko‘rishi va real imkoniyatlarni baholashi uchun poytaxtning turli nuqtalardagi yirik kompaniyalarga tanishuv tashrifi tashkil etildi.

“Rostini aytsam, oziq-ovqat mahsulotlari yo‘nalishi menda juda katta qiziqish uyg‘otdi, chunki, men aynan shu soha mutaxassisiman. Bag‘dod shahrida xurmo siropi ishlab chiqaruvchi zavodlarim bor. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati juda yuqori, ayniqsa qadoqlash uslubi nihoyatda chiroyli, zamonaviy va professional darajada amalga oshirilgan. Menda eng ko‘p qiziqish uyg‘otgan mahsulot –  murabbolar bo‘ldi. O‘zbekiston murabbo mahsulotlarini o‘z zavodlarimga olib kirishni istayman”,  dedi Iroq Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish fondi (NNT) vakili Xuda Hafedh Ahmad.

O‘tgan yilning dekabr oyida Iroqqa rasman tashrifni amalga oshirib, o‘z ko‘zi bilan talab va imkoniyatlarni ko‘rib qaytgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Iroqdagi vaziyat ko‘pchilik o‘ylaganidek salbiy emasligini aytdi.

“Aholining yashash imkoniyati yaxshi, eng kam daromadi 700 AQSH dollariga teng. Mamlakatda ishlab chiqarish deyarli yo‘q. Asosiy urg‘u neftni qayta ishlashga qaratilgan. Shu sababli ko‘p mahsulotlar import qilinadi. O‘zbekiston mahsulotlari mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bizning tadbirkorlarimiz uchun Iroq yaxshi biznes maydoni bo‘lishi aniq”, deydi Davron Vahobov.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining qo‘shimcha qilishicha, tovar va mahsulotlarni yetkazib berish masalasi ham u qadar qiyinchilik tug‘dirmaydi.

“Ikki davlatdan keyin Iroq, ya’ni Buxorodan o‘tilgach, Turkmaniston, undan keyin Erondan chegarasidan chiqilsa istalgan mahsulot  taxminan o‘n besh kun ichida Bag‘dodga kirib boradi. Bu tadbirkorlarimiz uchun juda qulay bo‘lib yo‘l xarajati taxminan 3500-4000 dollarni tashkil etadi. Tadbirkorlarga nima kerak? Mahsulotini tezroq sotish, xaridorga esa tovarni tezroq qabul qilib olish.  Shu bois,  Afg‘oniston va Iroq bozorlariga ko‘proq urg‘u berilyapti. Tadbirkorlar ushbu bozorlarda tezroq o‘z o‘rnini topishiga ishonchimiz komil”, dedi Savdo-sanoat palatasi rahbari.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, fevral oyida Iroq davlatida ham ko‘rgazma tashkil etiladi. Unda O‘zbekistondan 50 dan ziyod ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

import O'zbek tadbirkorlar Imkoniyat Ichki bozor

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing