Ilon Mask trillioner maqomini yo‘qotdi
Olam
−
12:49 7094 2 daqiqa
Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning boyligi 1 trillion dollardan pastga tushdi. Bu haqda “Bloomberg” hisob-kitoblarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, Maskning hozirgi boyligi 957 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, “Forbes” nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, Maskning boyligi hali ham 1,1 trillion dollar atrofida saqlanib turibdi.
Ma’lumot uchun, Ilon Mask 12 iyun kuni tarixdagi birinchi trillionerga aylangan edi. Uning boyligi o‘sha vaqtda 1 trillion dollardan oshgan.
23 iyun kuni SpaceX aksiyalari asosiy savdo sessiyasi boshida 3,9 foizga arzonlashib, bir dona aksiya narxi 148,57 dollarga tushgan. Oqibatda kompaniya kapitalizatsiyasi 1,99 trillion dollargacha kamaygan.
Shu tariqa, SpaceX rekord darajadagi IPO’dan so‘ng ilk bor 2 trillion dollarlik kapitalizatsiya chegarasidan pastga tushdi va dunyoning eng yirik ommaviy kompaniyalari reytingida yettinchi o‘ringa tushib qoldi. Bu kompaniya uchun ketma-ket to‘rtinchi kapitalizatsiya yo‘qotilgan savdo sessiyasi bo‘lgan.
Iyun oyida SpaceX IPO orqali 85 milliard dollardan ortiq mablag‘ jalb qilgan edi. IPO’dan keyin kompaniyaning kapitalizatsiyasi 2,9 trillion dollardan oshib, qisqa muddatga Microsoft va Amazon‘dan ham o‘zib ketgan hamda dunyodagi eng qimmat to‘rtta ommaviy kompaniya qatoriga kirgan.
Biroq shundan keyin kompaniya qiymati haftalik eng yuqori ko‘rsatkichlaridan taxminan 550 milliard dollarga kamaygan.
SpaceXning IPO‘si Ilon Maskni dunyodagi birinchi trillionerga aylantirgan, shuningdek, kompaniya xodimlari orasida 4,4 mingdan ortiq yangi millionerlarni paydo qilgan edi.
Live
Barchasi