Ilon Mask Trampning atrofidagilarga yoqmayapti

Olam

image

Milliarder Ilon Maskning saylovdan keyingi bir hafta davomida Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga deyarli har kuni tashrif buyurishi Trampning atrofidagilarni g‘ashini keltira boshlagan. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Maskning tashrifi Trampga biznesmendan ko‘ra yaqinroq bo‘lgan odamlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Ular Mask o‘z chegarasidan chiqib ketayotganini aytmoqda.

“U o‘zini ham prezident sifatida tutyapti va hammaning bundan xabari borligiga ishonch hosil qilmoqchi. U o‘zini prezidentning g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan deb hisoblayapti. America PAC (Mask Trampning saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ochgan tashkiloti) va X ijtimoiy tarmog‘i bilan tinglashni xohlagan barchaning oldida maqtanmoqda. U Trampni o‘zining oldida qarzdor sifatida his qilishga majburlayapti. Prezident hech kimga, hech narsaga majbur emas”, deydi telekanal suhbatdoshlaridan biri.

Nashrga ko‘ra, Mask Mar-a-Lagoga 5 noyabr kuni saylov natijalarini kuzatish uchun kelgan va keyingi haftaning asosiy qismini u yerda o‘tkazgan. Telekanal manbalarining ta’kidlashicha, milliarder qarorgohga kunning istalgan vaqtida tashrif buyurib, Trampning yonida o‘tirgan holda uning qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlariga qo‘shilmoqda.

Trampning o‘zi Vakillar palatasidagi respublikachilar bilan uchrashuvda Mask haqida iliq fikr bildirgan. Bir safar u milliarder doim yonida ekani haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Ilon uyiga ketishni istamayapti. Men undan qutula olmayapman”, degan Tramp.

Kongressmenlar bu shunchaki hazil sifatida aytilganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp milliarder Ilon Mask Hukumat samaradorligi departamentiga rahbarlik qilishini ma’lum qilgandi.

Muhammad Hodiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tramp Ilon Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing