Ilon Mask OpenAI’ni ham o‘ziniki qilmoqchi

Texnologiya

image

Ilon Mask boshchiligidagi investorlar konsorsiumi OpenAI’ni nazorat qiluvchi notijorat tashkilotni 97,4 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha taklif bergan. Bu haqda Ilon Maskning advokati Mark Toberoffga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

“OpenAI’ni o‘z ildizlariga – ochiqlik va xavfsizlikka qaytarish vaqti keldi. Biz buni ta’minlaymiz”, degan Ilon Mask. 

Konsorsium tarkibiga Valor Equity Partners, Baron Capital, Atreides Management, Vy Capital, 8VC kabi investitsion kiradi. Kelishuv amalga oshsa, Ilon Maskning xAI kompaniyasi OpenAI bilan birlashtirilishi mumkin.

OpenAI bosh direktori Sem Altman Maskning taklifiga tezda javob bergan.

“Yo‘q, rahmat, lekin agar xohlasangiz, biz Twitter’ni 9,74 milliard dollarga sotib olishga tayyormiz”, deb yozgan u X sahifasida.

OpenAI hammuassisi bo‘lgan Ilon Mask 2018 yilda Sem Altman bilan kelishmovchiliklar sabab kompaniyani tark etgan. Shundan beri OpenAI va Ilon Mask o‘rtasidagi bahslar davom etmoqda. “Financial Times”ning OpenAI’ga yaqin manbasiga ko‘ra, Maskning notijorat tashkilotni sotib olish bo‘yicha taklifi PR-harakat bo‘lishi mumkin. Bunga javoban, Maskning taklifiga aloqador manba OpenAI’ni bu fikrni isbotlashga chaqirgan.

Sem Altman hozirda OpenAI ni tijorat tashkilotiga aylantirish va boshqaruvni nazorat qiluvchi notijorat tashkilotni ajratish jarayonida. OpenAI vakili Jeyk Toberoffning ta’kidlashicha, notijorat tashkilot rahbarlik huquqidan mahrum qilinayotgani uchun adolatli kompensatsiya olishi zarur.

Ilon Mask OpenAI'ning dastlabki asoschilaridan biri sifatida kompaniyaning tijorat tuzilmasiga o‘tishi uning boshlang‘ich missiyasiga zid ekanini aytib kelmoqda. O‘tgan yili u OpenAI, Sem Altman va kompaniya prezidenti Greg Brockmanga qarshi sudga murojaat qilgan va ularga shartnomani buzish hamda noxolis ish yuritishda ayblov qo‘ygan. Maskning da’vo arizasida aytilishicha, OpenAI tuzilishiga oid dastlabki kelishuvga ko‘ra, kompaniya notijorat tashkilot sifatida umumiy sun’iy intellekt ustida ishlashi va texnologiyani ochiq manba sifatida taqdim etishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yil yanvar oyida Jeyk Toberoff Delaver va Kaliforniya bosh prokurorlarini OpenAI’ni notijorat tashkilotni sotish uchun ochiq auksion o‘tkazishga majburlashga chaqirdi. Biroq OpenAI bunday jarayonni boshlashga majbur emas va hozirda kompaniya 260 milliard dollarlik baholash asosida investitsiya jalb qilish bosqichida. FT manbalariga ko‘ra, OpenAI notijorat tashkilotning bahosini 30 milliard dollar atrofida muhokama qilgan, ammo Mask vakillari bu qiymat ancha yuqori bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Mask kompaniyaga o‘nlab million dollar investitsiya qilgan va notijorat tashkilotning yuqori baholanishi unga katta daromad keltirishi mumkin.

OpenAI dastlab 2015 yilda notijorat tadqiqot laboratoriyasi sifatida tashkil etilgan, ammo 2020 yilda tijoriy bo‘limni ishga tushirgan. Yuqorida qayd etilganidek, Mask 2018 yilda kompaniyaning direktorlar kengashidan chiqib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 25 aprel kuni Twitter (hozirgi X) rahbarlari Ilon Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo‘yicha 44 milliard dollarlik taklifini qabul qilganini e’lon qilgan edi. Shundan buyon X’ga Ilon Mask egalik qilib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ilon Mask OpenAI Sem Al'tman Mark Toberoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing