Ilon Mask Braziliya hukumatidan o‘ch olmoqchi
Olam
−
03 Sentabr
6155Amerikalik milliarder Ilon Mask Braziliyada sudya Aleksandre de Morayesning “Starlink Holding” akkauntlari va mamlakatdagi X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘iga kirishni bloklash to‘g‘risidagi qarori tufayli AQSHdagi Braziliya davlat aktivlari musodarasini talab qilmoqchi. Bu haqda u X tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Agar Braziliya hukumati X va SpaceX’ning noqonuniy olib qo‘yilgan mulkini qaytarib bermasa, biz davlat aktivlarini o‘zaro musodara qilishga intilamiz. Umid qilamanki, Lula da Silva (Braziliya Prezidenti) muntazam tijoriy reyslarni amalga oshirishdan zavqlanadi”, deb yozadi Mask X’da.
Ma’lumot uchun, Starlink 2022 yilda ish boshlaganidan beri Braziliyada juda mashhur. Ayniqsa, xizmat Braziliyaning keng qishloq joylari va Amazonka tropik o‘rmonlari uchun qulay internet tarmog‘i hisoblanadi. Amazonka mintaqasida yashovchi odamlar, jumladan, olis mahalliy qabilalar o‘zlarining turmush tarzini o‘zgartirib, birinchi marta internetga kirish uchun Starlink’dan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda uning mamlakatda 250 mingga yaqin mijozi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 30 avgust kuni de Morayes Braziliyada X ijtimoiy tarmog‘i faoliyatini to‘xtatishni buyurgan edi. Shu bilan birga, Apple va Google besh kun ichida X ilovasini mahalliy onlayn-do‘konlaridan olib tashlashi belgilangan. Shuningdek, mamlakatda VPN orqali ijtimoiy tarmoqdan foydalanganlik uchun 50 ming Braziliya reali (8-9 ming dollar) miqdorida jarima qo‘llanadi.
LiveBarchasi