Ilhom Aliyev turkiy dunyoning Oliy ordeni bilan mukofotlandi
Olam
−
12 noyabr 2021
5388Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev turkiy dunyoning Oliy ordeni bilan mukofotlandi. Oliy ordenni bugun, 12 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiy tilli davlatlar kengashining Istanbul yaqinidagi “Demokratiya va erkinlik” orolida o‘tayotgan VIII sammitida topshirgan.
Turkiy tilli davlatlar rahbarlari kengashi tomonidan qabul qilingan qarorda ta’kidlanishicha, Ilhom Aliyev Ozarbayjon hududini ozod qilish, mamlakat yaxlitligini ta’minlash va turkiy birlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun turkiy dunyoning Oliy ordeni bilan mukofotlandi.
Qarorni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzoladi.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ilhom Aliyevga mukofotni topshirar ekan uning qat’iy qarori bilan 30 yil davom etgan Qorabog‘ okkupatsiyasi 44 kunda yakunlanganini urg‘uladi.
“Bu faqatgina bizning ozariy birodarlarimiz uchun emas, butun turk dunyosi uchun ahamiyatli. “Vatan muhorabasi” natijasida BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘p yillardan beri bajarilmagan rezolyutsiyalari amalga oshirildi. Shu tariqa Ozarbayjon xalqaro hamjamiyatga adolat xabarini yetkazdi”, degan Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisi Ozarbayjon hududiy yaxlitligining tiklanishi turk dunyosi birligini kengaytirganini qayd etdi. Erdo‘g‘an Qorabog‘ ramzi Haribulbul turk dunyosi uchun g‘alaba xabarchisi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Qorabog‘ mojarosi
2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
LiveBarchasi