Ilhom Aliyev Mirziyoyev o‘tgan yili olgan xalqaro mukofotga loyiq ko‘rildi
Olam
−
04 yanvar 2021
8765Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy dunyo yozuvchilari, ziyolilari va san’atkorlari jamg‘armasi (Türk Dünyası Yazarlar ve Sanatçılar Vakfı – TÜRKSAV) tomonidan ta’sis etilgan “Turkiy dunyo tiklanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Mukofotni topshirish marosimi an’anaga ko‘ra, may oyida bo‘lib o‘tadi.
TÜRKSAV boshqaruv kengashi raisi Yahyo Akenginning qayd etishicha, 1919 yil 19 may kuni Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk tomonidan Onadolu yerlaridan boshlangan turk dunyosining tiklanishi bugungi kunda turkiy olamning imperializmga qarshi chiqqan rahbarlari tomonidan O‘rta Osiyo dashtlari va Kavkaz vodiylarida davom etmoqda.
Akengin Armanistonga qarshi 44 kunlik urushda Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining g‘alabasiga e’tibor qaratdi.
Jamg‘arma rahbari Ozarbayjonning Qorabog‘da Prezident Ilhom Aliyev boshchiligida turkiyzabon mamlakatlarning yaqindan qo‘llab-quvvatlashi va Turkiy Kengashning ma’naviy ko‘magi bilan g‘alaba qozonishi ayni paytda turk dunyosining imperialistik fikrlashga qarshi yutug‘i ekanligini ta’kidlagan.
“Jamg‘arma kengashi nomidan shuni aytmoqchimanki, ushbu kurashni boshqargan janob Ilhom Aliyevga ushbu mukofotni topshirish biz uchun katta sharafdir”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga topshirilgan edi.
Mukofotga turli yillarda Turkiya Prezidenti Sulaymon Demirel, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev va boshqalar sazovor bo‘lgan.
LiveBarchasi