Ilhom Aliyev Qorabog‘da harbiy parad o‘tkazdi

Olam

image

Qorabog‘ning Xonkendi shahrida 2020 yil kuzida Ozarbayjonning ikkinchi Qorabog‘ urushidagi g‘alabasining uch yilligi munosabati bilan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi – birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva va o‘g‘li Haydar bilan ishtirok etdi. Bu haqda “AZƏRTAC” davlat axborot agentligi xabar berdi.

Xonkendining bosh maydoni bo‘ylab Qurolli kuchlarning turli bo‘linmalariga mansub harbiy xizmatchilaridan iborat bir guruh bayroqdorlar yurish qilgan, Ozarbayjon armiyasida xizmat qilayotgan harbiy texnika, shuningdek, o‘lja sifatida olingan Armaniston Qurolli kuchlarining harbiy texnikasining bir qismi namoyish etilgan. Ozarbayjon Prezidenti paradda nutq so‘zlagan.

“Bizga yangi urush kerak emas, biz intilgan narsaga erishdik, xalqaro huquqni tikladik, tarixiy adolatni tikladik, milliy qadr-qimmatimizni tikladik, dushmanga o‘z o‘rnini ko‘rsatdik”, degan Aliyev. 

Shuningdek, Baku va mamlakatning boshqa yirik shaharlarida harbiy xizmatchilarning bayramona yurishlari bo‘lib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 27 sentyabr kuni Qorabog‘da vaziyat keskinlashib, faol janglar boshlangan. O‘sha yilning 9 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolagan. Kelishuvlarga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston tomonlari o‘z egallab olgan pozitsiyalarida to‘xtagan. O‘shanda bir qancha hududlar Baku nazoratiga o‘tgan, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lovchi to‘qnashuv chizig‘i va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirilgan.

2023 yil 19 sentyabr kuni Qorabog‘da vaziyatning navbatdagi keskinlashuvi yuz berdi. Baku "mahalliy aksilterror operatsiyasi" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

28 sentyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Samvel Shahramanyan 2024 yil 1 yanvardan uning faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Aholiga Baku taklif qilgan reintegratsiya shartlarini ko‘rib chiqish va qolish imkoniyati to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilish buyurildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev Qorabog' Xonkendi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing